Bugun 24 aprel, 2025 yil, payshanba

КИР

Ehtiyojmand aholiga kompensasiya va moddiy yordam miqdori oshirildi

Ehtiyojmand aholiga kompensasiya va moddiy yordam miqdori oshirildi

1 apreldan elektr va gaz narxi oshishi rejalashtirilgandi. Biroq davlat rahbarining topshirig‘i bilan yangi tariflarning kuchga kirish muddati bir oyga uzaytirildi.

Sohadagi tarif islohotlari

O‘zbekistonda energiya resurslari narxlari 2019 yil avgustdan 2024 yil 1 mayigacha bo‘lgan qariyb 5 yil davomida oshirilmagandi. Yillik inflyasiya darajasi o‘rtacha 10 foizni tashkil etgan taqdirda ham, 5 yil davomida energiya resurslari narxi qancha “orqada” qolib ketganini tasavvur qilish qiyin emas. Shuncha vaqt davomida zarar davlat byudjetidan qoplab kelingan.

Energiya narxlari davlat tomonidan subsidiyalanganda, byudjetga katta yuk tushadi. Narxlarning me’yor darajasiga keltirilishi subsidiyalarga bog‘liqlikni kamaytiradi va mablag‘larni ko‘proq ta’lim, tibbiyot va infratuzilma rivojiga yo‘naltirish imkonini beradi.

Agar narxlar bozor mexanizmi asosida shakllanib borsa, iste’molchilar energiyani tejashga, korxonalar esa energiya samaradorligini oshirishga harakat qiladi. 2024 yilning 1 mayida besh yil ichida birinchi bor narxlar oshirilishi bilan birga, energiya iste’moliga ijtimoiy normalar joriy etilgandi.

Ijtimoiy me’yor doirasida aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz imtiyozli narxlarda yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Energiya narxlari oshishi tufayli boshqalarga qaraganda kam daromadli oilalar ko‘proq iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelishadi. Axir, bir necha yil o‘zgarmagan narxlarning sekin “qimirlay” boshlashi aholining ma’lum bir qatlamiga ta’sir qilmay qolmaydi. Shundan kelib chiqib, narxlar siyosatida ijtimoiy himoya masalasi alohida inobatga olingan.

Prezidentning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan ushbu qatlam davlat himoyasiga olinadi.

Gaz va elektr uchun kompensasiya

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 maydan elektr energiyasi va tabiiy gazning bazaviy me’yori bo‘yicha tariflar oshishi kambag‘al oilalarning oylik xarajatlarini isitish mavsumida – 204 ming so‘mga, boshqa davrda – 60 ming so‘mga oshiradi. Ya’ni, shu vaqtgacha bu oilalarning isitish mavsumida oylik xarajati, deylik, 484 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, endi 688 ming so‘mga, boshqa davrda esa 147 ming so‘mdan 207 ming so‘mga ko‘tariladi.

Prezident qarori bilan ushbu xarajatlarni yumshatish maqsadida, joriy yil 1 maydan 2027 yil 1 aprelga qadar quyidagilarga:

1. “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalarga;

2. Kambag‘al oilalar reestriga kiritilgan oilalarga;

3. Shuningdek, ikkala reestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir oila a’zosiga 1 mln so‘mdan oz bo‘lgan oilalarga gaz va elektr to‘lovi uchun kompensasiya to‘lanadi.

Kompensasiya miqdori qanday belgilandi?

Qaror bilan gaz va elektr uchun bazaviy me’yordan ziyodcha qismining oshirilgan tarif bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarini yil davomida qoplash tartibi joriy etilmoqda.

Elektr uchun – oyiga bazaviy me’yordan (ya’ni, 200kVt soatdan) ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha, gaz uchun – noyabr-fevral oylarida bazaviy me’yordan (ya’ni, 500 kub metrdan) ko‘p foydalanilgan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda esa 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun kompensasiya ajratiladi.

Bunda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq to‘lab beriladi. Ya’ni, bir oila 1 oyda 350 kVt elektr ishlatsa, 350 kVt uchun uchun 600 so‘mdan, ya’ni 210 ming so‘m to‘laydi. Aslida bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt uchun 800 so‘mdan to‘lanishi lozim edi. Biroq, oradagi farq (1 kVt uchun 200 so‘mdan, 150 kVt uchun oyiga 30 ming so‘mgacha) davlat tomonidan kompensasiya shaklida qoplab beriladi.

Yana bir muhim yangilik: ilgari kompensasiya faqat qish mavsumida (noyabr-fevral oylarida) berilgan bo‘lsa, endilikda yil bo‘yi har oyda beriladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu norma orqali 280 mingga yaqin oila qamrab olinishi va buning uchun byudjetdan yiliga 220 mlrd so‘m ajratilishi kutilmoqda.

Xorijda qanday?

Kam daromadli oilalarga energiya xarajatlarini qoplash uchun davlat tomonidan moddiy yordam ajratilishi xorij amaliyotida ham uchraydi.

AQShda LIHEAP dasturi mavjud bo‘lib, kam daromadli oilalar uchun elektr va issiqlik energiyasi xarajatlarini qisman yoki to‘liq qoplash yo‘lga qo‘yilgan. Har bir shtat o‘z byudjetidan kelib chiqib, ushbu yordam miqdorini belgilaydi.

Kanadada OESP loyihasi doirasida kam daromadli oilalar energiya xarajatlari uchun 30–75 dollar miqdorida yordam oladi. Dasturdan foydalanish uchun oilaning umumiy daromadi va a’zolari soni hisobga olinadi.

Fransiya hukumati kam ta’minlangan oilalarga yillik “energetik chek” taqdim etadi. Bu cheklar yoqilg‘i sotib olish, elektr va gaz uchun to‘lov qilishda ishlatiladi.

Yaponiyada kam daromadli oilalar uchun energiya to‘lovlariga aloqador soliq imtiyozlarini joriy qilgan. Bu imtiyozlar orqali energiya xarajatlarini qisman yoki to‘liq qoplash mumkin.

Sovuq qishda issiq mehr!

Xalqimizda “Qishning bir kuni qolsa qo‘rq” degan maqol bor. Izg‘irinli har bir kun, ayniqsa, kambag‘al oilalar uchun katta sinov.

2025/2026 yilgi isitish mavsumi oldidan muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Reestrlarga kiritilgan oilalarga, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga 1 million so‘mdan beriladi!

O‘tgan yili ushbu moddiy yordam miqdori 270 ming so‘m edi, bu yil uning hajmi salkam 4 barobar oshirilib, 1 millionga etkazilmoqda.

“Mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirishda quyidagilarga alohida e’tibor qaratiladi:

  • boquvchisini yo‘qotgan oilalar,
  • a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar,
  • nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar,
  • uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar,
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu norma orqali 1,3 mln oila qamrab olinadi va buning uchun byudjetdan qo‘shimcha 1,3 trln so‘m ajratiladi.

Bu choralar narxlarni bozor mexanizmlariga moslashtirish sharoitida aholining zaif qatlamlarini himoyalaydi. Shuningdek, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash, subsidiya va yordam dasturlarini takomillashtirish orqali kam ta’minlangan oilalarning moddiy ahvolini yaxshilashga xizmat qiladi.

Lutfullo Tursunov, jurnalist

Kiritildi: 17:34 09.04.2025. O'qildi: 1038 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!