❗️ Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida mamlakatimizda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, uyushgan jinoyatchilik va giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi joriy yilning 20 yanvaridan boshlab o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli tezkor-qidiruv tadbirlari davom etmoqda.
1️⃣ Jumladan, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahrida yashovchi, 1980 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs shartli xaridorga 200 g “gashish” moddasini 50 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, narkosavdogar ushbu pul mablag‘idan 6,9 mln so‘mini 1989 y.t. hamshahariga bergan vaqtida u ham ushlanib, uning yonidan 500 g “gashish” moddasi olindi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
2️⃣ Boshqa holatda esa Bekobod tumani hududida “Cobalt” rusumli avtotransport vositasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan Toshkent shahrida yashovchi, 1973 y.t. shaxsning yonidan 600 g “opiy” moddasi olindi.
U mazkur giyohvandlik vositasini Bekobod shahrida istiqomat qiluvchi, 1986 y.t. tanishidan 5 ming AQSh dollari hamda 5 mln so‘mga sotib olganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi.
Natijada bekobodlik narkosavdogarning yashash xonadonidan 1 kg 47 g “opiy” hamda uning 2 nafar jinoiy aloqalaridan esa 335 g “opiy” moddasi olindi.
Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.