Bugun 27 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

Vuchich ochlik e’lon qilishi mumkin

Vuchich ochlik e’lon qilishi mumkin

Serbiya sobiq prezidenti mamlakatning yangi hukumati uni hibsga olsa, ochlik e’lon qilishini va shifokorlar yordamidan bosh tortishini bildirdi.

"Ochlik e’lon qilishim faqatgina vaqt masalasi. Agar buni boshlasam, orqaga yo‘l bo‘lmaydi, chunki shifokorlarga menga har qanday yordam ko‘rsatishni yozma ravishda taqiqlab qo‘yaman", — dedi Aleksandr Vuchich.

Vuchichning bu bayonoti polisiya Informer nashri va telekanali egasi hamda bosh muharriri Dragan Vuchichevichni qo‘lga olganidan so‘ng yangradi. Mazkur ommaviy axborot vositasi uzoq yillar davomida Vuchich va uning “Serbiya taraqqiyot partiyasi”ni faol qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Belgrad prokuraturasi buyrug‘i bilan hibsga olingan Vuchichevich takroran vahima va tartibsizliklar keltirib chiqarish hamda adolat qaror topishiga to‘sqinlik qilishda gumonlanmoqda.

Hozirda parlamentdagi muxolif fraksiyasiga rahbarlik qilayotgan Vuchich jurnalistning hibsga olinishiga hech qanday qonuniy asos yo‘qligini aytdi. U yangi hokimiyatni o‘zining “ovozini o‘chirish”ga urinishda ayblab, yangi parlament ko‘pchiligini ikkiyuzlamachilikda va o‘z davrida yaratilgan siyosiy tizimdan foydalanishda aybladi.

Bu hibsga olishlar 25 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Vuchich partiyasi mag‘lubiyatga uchraganidan keyin boshlangan keng ko‘lamli tekshiruvlar fonida yuz bermoqda.

Hukumatga qarshi qariyb ikki yil davom etgan norozilik namoyishlariga boshchilik qilgan talabalar harakatini ifodalovchi “Talabalar ro‘yxati” parlamentdagi 250 o‘rindan 140 tasini qo‘lga kiritdi. Vuchich boshchiligidagi koalisiya 103 ta, milliy ozchilik partiyalari esa 7 ta o‘ringa ega bo‘ldi.

Vuchich va uning safdoshlari talabalar harakatini siyosiy qasos olishda ayblab, sodir bo‘layotgan voqealarni “inqilobiy terror” kampaniyasi deb atamoqda. Saylovchilar esa yangi hukumatdan va’da qilingan islohotlarni amalga oshirishni, korrupsiya holatlarini tergov qilishni hamda amaldorlarning uyushgan jinoyatchilik bilan aloqalariga chek qo‘yishni kutmoqda.

Kiritildi: Bugun 07:45. O'qildi: 529 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik