AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatishni xohlayotganiga ishonishini aytdi. Biroq urushni tugatish uchun har ikki tomon ham harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.
"Menimcha, Putin urush tugashini istaydi. Men bunga ishonaman. Ammo tango raqsini ikki kishi ijro etadi", — dedi Tramp.
Trampning boshqa bayonotlari:
— Rossiyaga nisbatan katta bojlar va sanksiyalarni aynan men joriy qilganman. Rossiyaga nisbatan juda qat’iy pozisiyada bo‘lganman;
— Xitoy ham, Rossiya ham Eron bilan tuzilgan kelishuv bekor bo‘lishini istaydi. Menimcha, ular menga yordam bermoqda;
— Agar Putin G20 sammitiga kelishni xohlasa, albatta, kelishi mumkin. Bu ayrimlarga yoqmasligi mumkin;
— Agar Rossiya G8 tarkibida qolganida, ehtimol, hozir Ukrainada urush bo‘lmasdi. Putin Rossiyaning guruhdan chiqarilganidan qattiq xafa bo‘lgan. Obama uni guruhdan chiqarishni xohlagan. Hozir G7 faoliyat yuritmoqda, biz esa faqat Rossiya haqida gapiramiz;
— Biz uchrashuvlarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni muhokama qilamiz. Shunda men: "Rossiya ham muzokaralar stolida o‘tirganida yaxshiroq bo‘lmasmidi?" deb so‘rayman.