Bugungi kunda giyohvand moddalarning mamlakatimizga olib kirilishi va savdosiga qarshi qat’iy choralar ko‘rilyapti. Giyohvand moddalarning insoniyat uchun qanchalik zararli ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Uning savdosi bilan shug‘ullanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi ham hech kimga sir emas. Biroq bilaturib, bu jinoyatga qo‘l urayotganlar uchrayotgani barchamizni xushyorlikka chorlaydi.
Xususan, Tojikiston Respublikasi fuqarosi Kurbonzoda Sheroz davlat chegarasining Toshkent viloyati Bekobod tumanidan o‘tadigan qismidan O‘zbekiston hududiga noqonuniy ravishda o‘tgan vaqtida DXX CHQ harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘lga olindi.
Unga tegishili bo‘lgan 2 ta xo‘jalik qopi ko‘zdan kechirilganda, 24 ta o‘ram borligi aniqlandi.
O‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu o‘ramlarda 5 kg. 9 gr. geroin, 17 kg. 259 gr. opiy hamda qariyb 2 kg. gashish moddalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida “SH.Q.”ning ushbu noqonuniy ishiga aloqador bo‘lgan 2 nafar mahalliy fuqaroga nisbatan qidiruv e’lon qilindi.