Nashrning xabar berishicha, to‘rtinchi raund maslahatlashuvlari Ummon sultonligi poytaxti Maskat shahrida bo‘lib o‘tdi. Tehron tomonidan muzokaralarda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ishtirok etmoqda, AQSh tomonidan esa prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff qatnashdi.
8 may kuni Uitkoff "AQSh Erondan uranni boyitishdan voz kechishni va yadroviy inshootlarni to‘liq demontaj qilishni talab qilmoqda. Aks holda, Vashington “boshqa yo‘lni” tanlashga majbur bo‘ladi", deb bayonot berdi.
Aroqchi esa 10 may kuni "Eron o‘zining hech bir yadroviy huquqidan voz kechmaydi”, deb javob qaytardi.
Eron va AQSh o‘rtasidagi oldingi muzokaralar 12, 19 va 26 aprel kunlari Maskat va Rim shaharlarida bo‘lib o‘tgan. Muzokaralardan maqsad — Eron yadroviy qurol yaratishining oldini olish va buning evaziga AQSh tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha yangi kelishuvga erishishdir.