6 sentyabr kuni Xalqaro Kurash Assosiasiyasi (IKA) tuzilganiga 27 yil to‘ldi. Shu sana har yili Dunyo Kurash kuni sifatida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida katta tantana bilan nishonlanadi. Joriy yil bayram marosimlarining bosh markazi Tojikiston poytaxti Dushanbe shahri bo‘ldi.
Kunning birinchi qismida Shohambari sport majmuasida mamlakatning eng kuchli to‘rtta jamoasi ishtirokida tarixiy Tojikiston “Gran Pri” turniri o‘tkazildi. Musobaqada Tojikiston kurash tarixida katta iz qoldirgan chempionlar — Bahodir Halimov, Komronshox Ustopiriyon, Dadaxon Qurbonaliyev va Rustam Boqiyev nomidagi jamoalar maydonga chiqdi. Ularning tarkibidan kurash, sambo va dzyudo bo‘yicha Osiyo hamda jahon chempionlari o‘rin oldi.
Bellashuvlar sport muxlislariga haqiqiy bayram tuhfasini ulashdi. Jozibali usullar, dinamik kurashlar musobaqaga o‘ziga xos tantana bag‘ishladi. Finalda Bahodir Halimov jamoasi va Komronshox Ustopiriyon jamoasi o‘rtasida kechgan hal qiluvchi bahslarda Halimov jamoasi munosib g‘alabaga erishdi. Ushbu g‘alabaga Navro‘z Karimzod, Haqnazar Nazarov kabi terma jamoa yulduzlari katta hissa qo‘shdi. G‘olib va sovrindorlar medal, sertifikat hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimida Xalqaro Kurash Assosiasiyasi Prezidenti Haydar Farman va Tojikiston Kurash federasiyasi prezidenti Abdumalik Orifov barcha ishtirokchilarni qutladi hamda Dunyo Kurash kunini yuksak saviyada nishonlashdagi xizmatlari uchun federasiyaga minnatdorchilik bildirishdi. Shundan so‘ng Haydar Farman Dunyo Kurash kuni bayrami va “Gran Pri” musobaqasini rasman ochiq deb e’lon qildi.
Kunning ikkinchi qismida poytaxtdagi “Anzur” restoranida tantanali kecha o‘tkazildi. Unda Xalqaro Kurash Assosiasiyasi rahbarlari, Tojikiston Kurash federasiyasi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Sport vazirligi vakillari, sportchilar, murabbiylar va dunyo Kurash oilasi namoyandalari ishtirok etdilar.
Tantanani Haydar Farman ochib, barchani samimiy qutladi. U kurash insoniyat hayotining muhim ma’naviy qadriyatlariga aylanib borayotganini, uning asosida halollik, mardlik va oliyjanoblik yotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Tojikiston federasiyasiga bayram tashabbusi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so‘ng IKA Vise-prezidenti Sherzodxon Qudratxo‘ja so‘zga chiqib, Tojik xalqining mehmondo‘stligi va oliyjanobligiga yuksak baho berdi. U kurashning jahon sportidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini va kelgusida albatta Olimpiya oilasiga qo‘shilishini e’tirof etdi.
Kechada Tojikiston san’atkorlari kuy-qo‘shiq va milliy raqslar ijro etib, bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Haydar Farman barcha tashkiliy ishlarga hissa qo‘shgan federasiya vakillari hamda kurash oilasining fidoiy a’zolariga Xalqaro Kurash Assosiasiyasining esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Dushanbe shahrida o‘tgan Dunyo Kurash kuni tadbirlari ishtirokchilar uchun unutilmas voqeaga aylandi.