Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Dunyodagi eng qadimiy oliygoh Samarqandning Raboti G‘oziyon madrasasimi?

Dunyodagi eng qadimiy oliygoh  Samarqandning Raboti G‘oziyon madrasasimi?

Yaqin davrlargacha Yevropa tarixshunosligida XI-XII asrlarda Italiyadagi Salerno va Bolonya oliygohlari, Fransiyadagi Parij oliygohi, XII asr oxiri – XIII asr boshlarida faoliyat ko‘rsatgan Ispaniyaning Salamanka va Angliyaning Oksford universitetlari dunyodagi ilk oliy o‘quv yurtlari hisoblanib kelingan. Shuningdek, sobiq sovet davlatidagi rus olimlari ham oliy maktab XII asrda Gurjistonda paydo bo‘lgan, degan fikrda edi. Ammo bularning barchasi noto‘g‘ri farazlar bo‘lib, g‘arb Renessansining bo‘lg‘usi o‘choqlari hisoblangan Yevropa oliygohlarining barchasi sharq Renessansi zamiridagi musulmon oliygohlari, ya’ni madrasalari ta’sirida paydo bo‘lganligini aniq manbalar tasdiqlaydi.

Tarixchi Abu Bakr Muhammad an-Narshaxiy (899-959) o‘zining “Buxoro tarixi” kitobida Buxorodagi Forjak madrasasi 937 (milodiy) yilda yong‘in tufayli vayron bo‘lganligi haqidagi ma’lumoti madrasalar to‘g‘risidagi ilk xabar deb e’tirof etilib, bu dunyodagi dastlabki oliy maktablarning yurtimizda paydo bo‘lganligidan dalolat beradi.

Ammo Samarqanddagi Raboti G‘oziyon madrasasi yana ham qadimiyroq bo‘lib, unda buyuk imomlar – Moturidiy va Abulqosim al-Hakim kabilar Muhammad ibn Fazl Balxiyning madrasasida tahsil olgani ko‘pgina manbalarda qayd etilgan bo‘lsa-da, negadir ilm ahli nazaridan chetda qolib kelmoqda. Samarqanddagi ushbu madrasada Balxiy 931 yildan oldin (ya’ni vafot etganiga qadar) faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, demak, dunyodagi eng qadimiy oliygoh Samarqandning Raboti G‘oziyon madrasasi bo‘lib chiqadi.

Qadimdan madrasalar ikki turda moslashtirib qurilgan:

1) madrasa;

2) masjidli madrasa. 

Samarqand shahridagi Sherdor va shahar chetida joylashgan Nodir Devonbegi madrasalari faqat o‘quv maskani – madrasa sifatida, Mirzo Ulug‘bek, Tillakori madrasalari esa masjidli madrasalar tarzida qurilgan. Ular bir vaqtning o‘zida ham ibodat qilish, ham ilm olish mumkin bo‘lgan e’tiqod va ziyo maskani bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek, Shayboniyxon, Yalangto‘sh Bahodir va Amir Haydar kabi hukmdorlar qurdirgan yirik madrasalar “oliy madrasa” deb atalgan.

Samarqandda saqlanib qolgan madrasalardan Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori obidalari shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Ularning eng qadimiyrog‘i Ulug‘bek madrasasidir. 

Ilm-fanning “oltin davri” hisoblangan Imom Buxoriy, al-Moturidiy va al-Marg‘inoniylar davrida ma’rifat dargohlari hisoblangan madrasalarning ko‘pligi jihatidan Samarqand islom olamida eng oldingi o‘rinda tursa-da, Somoniylar davrida 17 tagina madrasa manbalarda qayd etilgan. Ammo XIX asr ikkinchi yarmida shahrimizda madrasalar soni juda kamayib ketadi. Masalan, o‘sha asr oxirida nisbatan mustaqilroq Buxoroda 366 ta, Xiva xonligida 120 ta, Qo‘qon xonligida 368 ta madrasa bo‘lgani holda, Rossiya tarkibiga kiritilgan Toshkentda 17 ta, Samarqandda 19 ta madrasa qolgan edi, xolos. Vaholanki, manbalarning dalolat berishicha, o‘rta asrlarda Samarqandning har bir mahallasida bir necha masjid, katta guzarlarda esa madrasalar bo‘lgan. Bu hol, ayniqsa, Somoniy, Temuriy va Ashtarxoniylar davrlariga oid manbalarda ko‘zga tashlanadi.

Madaniyat o‘choqlarining bu qadar ko‘pligining boisi shundaki, o‘sha vaqtlarda badavlat kishilarning har biri o‘z hisobidan savob yo‘lida kichikroq masjid yoki madrasalar qurgan. 

Nemis olimi Zingfrid Xenka o‘zining “Arab-musulmon quyoshi g‘arbga ziyo sochadi” nomli yirik asarining “Madrasaga qatnayotgan xalq” degan bobida g‘arb aholisining 95 foizi savodsiz, ovro‘polik buyuk qirol Karl qarigan chog‘ida o‘qish va yozishni qiynalib o‘rganayotgan, hatto ibodatxonalarda qalam tutishni biladiganlar nodir bo‘lgan IX-XII asrlarda islom olamining shaharu qishloqlaridagi minglab madrasalar millionlab o‘g‘il-u qizlarni kutib olayotgani, ular islom talabiga asosan ilmni qunt bilan o‘rganayotganini e’tirof etgan.

Gulnoza Kattayeva,

Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi

Kiritildi: 03:00 03.08.2020. O'qildi: 4486 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!