Bugungi kunda dunyo ahlini yana bir jiddiy xavf tashvishga sola boshladi. Yuqumli kasalliklarning tarqalishi xalqaro hamjamiyat e’tiborida turibdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Kongo Demokratik Respublikasining Ituri provinsiyasida tarqalayotgan Ebola epidemiyasini xalqaro darajadagi favqulodda holat deb e’lon qildi. Bu haqda "BBC" xabar berdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda qariyb 246 nafar odam Ebolaga gumon qilinmoqda. Afsuski, mazkur xavfli kasallikdan allaqachon 80 kishi vafot etgan. Shunday bo‘lsa-da, JSST epidemiya hozircha pandemiya mezonlariga javob bermasligini ta’kidladi. Tashkilot bosh direktori Tedros Adhanom Gebreesus infeksiyaning haqiqiy ko‘lami va geografik tarqalishi bo‘yicha jiddiy noaniqliklar mavjudligini aytib o‘tdi.
Shunisi xavotirliki, Ebolaning hozirgi shtammi Bundibugyo virusi bilan bog‘liq bo‘lib, unga qarshi tasdiqlangan dori vositalari yoki vaksinalar hali mavjud emas. Hozircha virusning sakkizta holati laboratoriya tomonidan tasdiqlangan. Gumon qilinayotgan boshqa holatlar va o‘limlar Ituri provinsiyasi poytaxti Bunia hamda oltin qazib olinadigan Mongulu va Rvampara shaharlarida qayd etilgan.
Vaziyat faqat bir mamlakat bilan cheklanib qolmayapti. Virus Kongo Demokratik Respublikasidan tashqariga ham tarqalgan. Qo‘shni Ugandada ikki nafar bemorda Ebola tasdiqlandi. Xususan, 14 may kuni vafot etgan 59 yoshli erkakning testi ijobiy natija ko‘rsatgan. Kongo DR bilan chegaradosh mamlakatlarda aholi qatnovi, savdo va o‘zaro sayohatlar tufayli virusning yanada keng tarqalish xavfi yuqori deb baholanmoqda.
Mavjud holatdan kelib chiqib, JSST Kongo DR va Ugandaga infeksiya tarqalishini nazorat qilish, favqulodda operasiyalar markazlarini tashkil etish va profilaktik choralarni kuchaytirishni tavsiya qildi.
"Virus tarqalishini kamaytirish uchun kasalligi tasdiqlanganlar zudlik bilan izolyasiya qilinishi va kamida 48 soat oralig‘ida o‘tkazilgan ikkita Bundibugyo virusiga test manfiy natija ko‘rsatguncha davolanishi lozim", deyiladi JSST ko‘rsatmasida.