Bugun 19 may, 2026 yil, seshanba

КИР

Dunyo hayoti aldovdan o‘zga narsa emas

A A A
Dunyo hayoti aldovdan o‘zga narsa emas

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Bilingki, albatta, dunyo hayoti o‘yin kulgi va ko‘ngilxushlik hamda zeb-ziynat, o‘zaro faxrlanish, mol-mulkni va bola-chaqani ko‘paytirish, xolos. U xuddi o‘simligi dehqonlarni ajablantirgan yomg‘irga o‘xshaydir. Keyinroq quriydi va uning sarg‘ayganini ko‘rasan. So‘ngra u xas-cho‘pga aylanib ketadir. Oxiratda esa shiddatli azob bor. Va Allohdan mag‘firat va rozilik bor. Va dunyo hayoti aldov matohidan boshqa narsa emas” (Hadid surasi, 20-oyat).

“Mol-mulk, bola-chaqa dunyo hayotining ziynatidir. Boqiy qoluvchi solih amallar Robbing huzurida savob va umid jihatidan yaxshiroqdir” (Kahf surasi, 46-oyat).

“Kufr keltirganlarning amallari sahrodagi sarobga o‘xshar. Tashna odam uni suv deb hisoblar. Qachonki uning oldiga kelsa, hech narsani topmas. Va u oldida Allohni topur. Bas, U Zot uning hisobini to‘liq qilur. Alloh o‘ta tez hisob qiluvchidir” (Nur surasi, 39-oyat).

Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yo‘l ustida o‘lgan va axlat uyumiga tashlangan bir qo‘yni ko‘rdilar. Yonlaridagi sheriklariga: «Nima deb o‘ylaysiz, shu qo‘yning egasi uchun biron qiymati bormi?» – dedilar. Ular: «Qiymati yo‘qki, tashlab yuborgan!» – deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: «Borlig‘im qudrat qo‘lida bo‘lgan Alloh nomiga qasam ichib aytamanki, ilohiy axloq asoslariga nomuvofiq o‘tkazilgan dunyo hayotining egasi ham Alloh uchun qiymatga ega emas. Agar Qur’on asoslariga rioya qilmay o‘tkazilgan dunyo hayotining Alloh uchun xira pashshaning qanotichalik qiymati bo‘lsaydi, iymonsizlarga bir yutum ham suv bermasdi».

Abu Muso Ash’oriy hikoya qiladi:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilarki:

– Kim dunyosini sevsa, oxiratiga zarar beradi. Kim oxiratini sevsa, dunyosiga zarar beradi. Abadiy bo‘lgan narsaga o‘tkinchi bo‘lgan narsa yetolmaydi. Yana Alloh Rasuli bildirdilar:

– Har bir xato ilohiy axloq asoslariga to‘g‘ri kelmaydigan harorat (hayajon)lardan tug‘iladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam supurindi yonidan o‘tayotgan edilar. Birdan supurindi tepasida to‘xtadilar va: «Dunyo hayotiga keling!» – deb ovoz berdilar. So‘ngra supurindidan chirigan bo‘z parchasi hamda chirigan suyak olib: «Mana, dunyo hayoti, bu dunyoga oid ziynatlar shu lattaday chiriyajagiga, bu esa siz har kuni ko‘radigan go‘zal insonlar vujudi shu chirigan suyak holiga kelajagiga ishoratdir!» – dedilar.

Dunyo hayoti shirin bir holvadir. Alloh sizni yer yuzida o‘zi o‘rniga xalifa qildi, qanday yashab, qanday amal qilishingizga qaraydi.

Iso Alayhissalom shunday deydi:

– Dunyoga sig‘inmang, u sizni qul qilib olmasin! Go‘zal axloqli bo‘lish va go‘zal amallar qilish yo‘li bilan Alloh yonida bir xazina tayyorlang. Bu dunyo uchun xazina to‘plaganlarning xazinasi ofatga mubtalo bo‘lishidan qo‘rqquliroqdir. Holbuki, Alloh yonida xazina tayyorlaganlarning xazinasi tufayli ofatga mubtalo bo‘lishdan qo‘rqish yo‘q. Yana Hazrati Iyso alayhissalom havoriylariga xitoban deydiki:

– Ey havoriylarim, sizlar uchun men dunyoni kabob ayladim. Uni mendan so‘ng takroran tiriltirmang. Dunyoda kayfiyatga qarab yashash Allohdan norozilikka sabab bo‘ladi. Yana oxirat sevgisi va qayg‘usi faqat dunyoda kayfiyatga qarab yashashni tark etish orqali hosil bo‘ladi. Ey havoriylarim, bu dunyodagi hayot ko‘prigidan Alloh qo‘ygan axloq asoslariga moslashgan holda o‘tingiz. Ilohiy qonunlardan uzoqlashmang, kayfiyatga qarab hayot kechirmang. Bilingizki, har xatoning ibtidosi Allohning yo‘rig‘iga moslashmaslikdadir. Ko‘pincha bir soatlik havoyi yashash havoyi yashayotgan kishini orzu-havaslar sari sudraydi. Dunyo siz uchun yozib qo‘yildi, siz esa uning ustiga o‘tirdingiz. U yerda zolim davlat kishilari va xotinlar sizlar bilan olishmasinlar. Kanda qilmay ro‘za tuting va to‘kis ibodat qiling, shu yo‘l bilan xotinlar bilan qilinadigan gunohdan saqlanasiz. Dunyo shunday bir narsaki, siz uni izlaysiz, u ham sizni izlaydi. Oxiratga talabgor bo‘lgan kimsani dunyo quvib yuradiki, dunyoda rizqi tamom bo‘lsin. Dunyoga talabgor bo‘lgan kimsani oxirat izlab yuradiki, o‘lim kelib, tezroq yoqasidan olsin.

Muso ibn Yasor rivoyat qiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bildirdilarki:

“Molning ko‘pligi sizni aldaydi. Odamzot: «Molim, molim!» – deydi. Sizning yeb tugatganingizdan, kiyib eskitganingizdan va yoxud sadaqa qilib mangulikka erishganingizdan boshqa molingiz bormi? (Odamzodni boqiy qiladigan, ya’ni umrbod «molim» desa bo‘ladigan narsasi: bergan sadaqalari, qilgan ezgu amallari va hokazolardir)”.

Abu Hurayra hikoya qiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga dedilarki:

– Ey Abu Hurayra, dunyoni ipidan ignasigacha senga ko‘rsataymi? Men: «Ha, ko‘rsating, ey Rasululloh!» – dedim. Qo‘limdan tutdilar-da, Madinaning daralaridan biriga yetaklab bordilar. U yerda: insonning bosh suyaklari, ichak-chavoqlari, lattaga aylangan bo‘z parchalari va chirigan suyaklar uyulib yotgan bir axlat tepa bor edi. Alloh Rasuli sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Hurayra, – dedilar, bu bosh suyaklar ham sizlar kabi tirik edilar, orzu-havaslari ham sizlarnikiga o‘xshardi. Bugun esa ular terisiz bir suyak, xolos. Keyinroq bular ham chirib, tuproq holiga keladi. Anavi ichak-chavoqlar qanday topsalar topib (harom-harish), me’dalarni to‘latib yegan-ichgandilar. Anavi eski latta, bo‘z parchalari ular kiygan liboslar edi. Endi ularni bu yerda shamollar o‘ynayotir. Bu suyaklar esa, ular foydalangan hayvonlarning suyaklaridir. Kim bu dunyo dardida yig‘lamoqchi bo‘lsa, yig‘layversin!» Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu so‘zlaridan keyin yig‘imizning keti uzilmadi, borgan sari kuchayaverdi”.

Abu Homid G‘azzoliy, 

“Mukoshafat-ul qulub” asaridan,

Islom.uz

Kiritildi: 15:02 04.12.2018. O'qildi: 6832 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!