Bugun 28 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

Dunyo energiya tarmog‘ida karbonat angidrid chiqindilari bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi

Dunyo energiya tarmog‘ida karbonat angidrid chiqindilari bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi

Global energiya ta’minoti o‘sishi CO₂ tashlanmalarini keskin oshirmoqda.

2024 yilda dunyo energiya tarmog‘idan karbonat angidrid (CO₂) chiqindilari ketma-ket to‘rtinchi yil davomida yangi rekord darajaga ko‘tarildi. Bu haqda Energetika instituti 26 iyun kuni e’lon qilgan jahon energetikasining yillik statistik sharhida ma’lum qilindi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, geosiyosiy beqarorlik — xususan, Rossiya-Ukraina urushi tufayli Rossiyadan neft va gaz yetkazib berish yo‘nalishlarining o‘zgarishi hamda Yaqin Sharqdagi mojarolar qazib olinadigan yonilg‘idan voz kechishni qiyinlashtirmoqda.

2024 yil shundoq ham tarixdagi eng issiq yil sifatida qayd etildi. O‘rtacha harorat ilk bor sanoat davridan oldingi darajadan 1,5°C ga oshib ketdi.

Global energiya ta’minoti 2006 yildan buyon birinchi marta 2 foizga oshdi. Barcha manbalar bo‘yicha o‘sish kuzatildi: neft, gaz, ko‘mir, atom, gidroenergetika va qayta tiklanadigan energiya. Bu CO₂ emissiyasini taxminan 1 foizga — 40,8 gigatongacha oshishiga sabab bo‘ldi.

Tabiiy gaz iste’moli qazib olinadigan yonilg‘ilar orasida eng katta o‘sishni ko‘rsatdi — 2,5 foiz. Ko‘mir 1,2 foizga o‘sib, dunyodagi eng yirik ishlab chiqarish manbai bo‘lib qoldi. Neft iste’moli 1 foizdan kam o‘sdi.

Shu bilan birga, shamol va quyosh energiyasi 16 foizga o‘sdi, bu energiyaga bo‘lgan umumiy talab o‘sishidan 9 barobar tezroq sur’at hisoblanadi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, «yashil» energetikaning rekord darajada rivojlanayotganiga qaramay, dunyo 2030 yilgacha qayta tiklanadigan quvvatlarni uch baravar oshirish maqsadini bajarishdan ortda qolayotgani ko‘rsatildi. Bu maqsad COP28 iqlim sammitida kelishilgan edi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Kengashi 2035 yildan boshlab yangi yengil avtomobillar va yengil yuk mashinalari uchun CO₂ emissiyasi bo‘yicha qattiqroq standartlar joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Kiritildi: 16:23 26.06.2025. O'qildi: 427 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!