Bugun 18 sentyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Dollar qadrsizlanar ekan, so‘m mustahkamlanishda davom etmoqda

Dollar qadrsizlanar ekan, so‘m mustahkamlanishda davom etmoqda

2025 yilning sakkiz oyi davomida milliy valyuta — so‘m 5 foizga mustahkamlandi. Qo‘shni davlatlar valyutalari — tenge va qirg‘iz somi pasaygan, jahonda esa dollar qadrsizlanishda davom etmoqda.

2025 yil boshidan buyon milliy valyuta — so‘m barqaror mustahkamlanishini saqlab qolmoqda. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tahliliga ko‘ra, yilning birinchi sakkiz oyida so‘m 5 foizga mustahkamladi. Bu ko‘rsatkich qo‘shni davlatlar valyutalari fonida ancha yuqori.

O‘zbekiston milliy valyutasi — so‘m, 2025 yil boshidan buyon dollarga nisbatan barqaror mustahkamlanishda davom etmoqda. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tahliliga ko‘ra, yilning birinchi 8 oyida so‘m 5 foizga mustahkamlangan.

1

Infografika: Mirkonomika

Bu ko‘rsatkich qo‘shni davlatlar valyutalari bilan taqqoslanganda ancha yuqori. Masalan, tenge 3 foizga, qirg‘iz somi 0,5 foizga qadrsizlangan, rubl esa fevral–mart oylaridagi keskin o‘sish hisobiga 22,7 foizlik mustahkamlanishni qayd etgan.

Xususan, Markaziy bank raisi Temur Ishmetov asosiy stavka bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida milliy valyuta — so‘m yil boshidan buyon 3–4 foiz mustahkamlanganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, u dollarning jahon valyuta bozorida 9–10 foizga qadrsizlanganini ham ta’kidlagan. Bu esa almashinuv kursidagi tebranuvchanlik ortishi milliy valyutaning qadrsizlanishiga doir kutilmalarni pasaytirgan.

Yirik xalqaro valyuta bozorida yevro 14 foizga, frank 14,4 foizga, funt 9,3 foizga, iyena esa 7,1 foizga dollarga nisbatan qimmatlashdi. Biroq bu o‘sish sur’atlari so‘mnikidan yuqori emas.

Xolboyev so‘mning barqarorligiga bir nechta omillar ta’sir qilganini ta’kidlaydi: yuqori oltin narxlari fonida eksport hajmining ortishi, importda sekinlashish, pul o‘tkazmalari va investisiya oqimining ko‘payishi, shuningdek, dollarning jahon bozorida qadrsizlanishi.

So‘nggi bir oydagi o‘zgarish

2

Infografika: Mirkonomika

So‘nggi bir oy natijalari ham so‘mning barqarorligini ko‘rsatmoqda. Dollarga nisbatan so‘m 2,1 foizga qimmatlab, Xalqaro valyuta jamg‘armasi qayd etgan 20dan ortiq valyuta ichida 4-o‘rinni egalladi.

Solishtirish uchun, rubl 3,7 foizga arzonlashgan, tenge esa 0,1 foiz yo‘qotgan. Yirik valyutalardan frank 1,5 foizga, yevro 0,8 foizga, funt 0,5 foizga, iyena esa 0,1 foizga mustahkamlandi.

So‘m – dollar juftligidagi o‘zgarish

3

Infografika: Mirkonomika

Aynan may oyidan boshlangan davr alohida ahamiyatga ega. So‘m dollarga nisbatan 5,7 foizga qimmatlashdi. Bu vaqtda tenge 6,5 foizga, rubl esa 3,4 foizga arzonlashdi. Boshqa yirik valyutalarning o‘sishi ham so‘mnikidan past bo‘ldi. Bu esa milliy valyutadagi o‘zgarishlar faqat tashqi emas, balki ichki iqtisodiy jarayonlar bilan ham bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda.

Yanvar–aprel oylarida kurs asosan tashqi omillar ta’sirida o‘zgargan bo‘lsa, maydan keyin ichki omillar ustuvor ahamiyat kasb etdi. Shu bilan birga, so‘mning kunlik «tebranish» ko‘rsatkichi ham yuqori qayd etildi. So‘nggi bir oyda u 0,5 foizni tashkil etdi, bu esa yirik valyutalarning o‘rtacha 0,4 foizlik ko‘rsatkichidan yuqori. Tengeda bu 0,2 foiz, rublda esa 0,8 foiz bo‘ldi.

Sentyabrdan beri hisoblanganda, so‘m «tebranish» bo‘yicha rubl, Isroil shekeli va Braziliya reali ortidan to‘rtinchi o‘rinda turibdi.

Xulosa qilib aytganda, so‘mning mustahkamlanishi qisqa muddatli tendensiya emas. Bu ichki iqtisodiy jarayonlar ta’sirida milliy valyuta barqarorligi yangi bosqichga o‘tganini anglatadi.

Kiritildi: Bugun 14:39. O'qildi: 631 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!