Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Diqqat! Zino va fahshga yo‘liqqanlarning so‘zlari va ularga javoblar

Diqqat! Zino va fahshga yo‘liqqanlarning so‘zlari va ularga javoblar

Zino va fahsh masalasini bahs qilish chog‘imizda bu mavzuga doir Qur’on oyatlari, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari va olimlarimizning aytganlarini keltirish bilan birga zino va fahshga yo‘liqqan, ushbu jirkanch yo‘lga kirib chiqqan yoki kirgach chiqa olmayotgan insonlarning hayotlarini, afsuslarini va yurakdan chiqqan so‘zlarini ham keltirishni maqsad qilgan edik.

Ma’lumki, bu ko‘chaga qadam qo‘yganlar ko‘p, ammo ularni topib suhbatlashish, ichlaridagi gaplarni bilish va qalblariga birdaniga kirib borish mushkul ish. Shu sababli bunday insonlar bilan kasb taqozosi ila tanish bo‘lishi mumkin bo‘lgan, Allohni tanigan bir do‘stimizga murojaat qildik. Do‘stimiz – unga Allohning rahmati bo‘lsin – maqsadimizni darrov angladi va o‘zining Islomdan ham, zamonaviy ilmlardan ham xabari bor ginekolog tanishi bor ekanligini, u inson bu mavzudan ko‘p xabari bor ekanligini, hatto shaxsiy tadqiqot ham o‘tkazib ko‘rganligini bizga bildirdi.

Biz do‘stimiz bilan u kishining oldilariga bordik va ko‘p foydali ma’lumotlar oldik. U kishi tibbiyot xodimi bo‘lganliklari uchun bu yo‘lga kirganlar bilan ko‘p suhbatda bo‘lib, ularning yomon oqibatlarga yo‘liqqanlarini hayotiy misollar ila so‘zlab berdilar.

Quyida biz shu kishidan va boshqa kishilardan eshitgan ma’lumotlarimiz va o‘qigan kitoblarimiz asosida zino va fahsh yo‘liga kirganlarning qalblaridan chiqqan so‘zlaridan saralab olinganlarini va ularning holatiga tushganlarga Islom tarafidan berilgan javoblarni keltiramiz.

Zinokor erkak: «Yoshim 31da, 2ta bolam bor. Uylanganimdan keyin hayotim o‘zgardi. Ayolim bilan yaxshi chiqishar edik. Ammo oradan bir necha yil o‘tgach ayolimdan jinsiy tomondan qoniqishim bo‘lmay qoldi. Avvallari e’tibor bermagan fahsh narsalarga e’tiborli bo‘lib qoldim. Bir marta bir o‘rtog‘imning kompyuterida fahsh suratga olingan videoni ko‘rib fahshga talpinishim qattiq ortdi. Hozir o‘sha kunga, o‘sha videoga va o‘sha «o‘rtog‘im»ga la’nat aytishga ham tayyorman. Keyinroq ulfatlar davrasida o‘tirganimda ulardan biri «ayollar»ga borishini aytdi. Shunda: «Meni ham olib bor», deya olmay gapni aylantirdim. U esa «xohlasang seni ham olib boraman» dedi va ertasiga telefon qilib, chaqirib, meni u yerga olib bordi. Shunday qilib zino ko‘chasiga kirdim. Men zinoning yomon ishligini bilar edim, ammo bundan ortiqcha hech narsa bilmas edim. Hozir esa zinoning harom ekanligi, oxiratda uning jazosi qattiq bo‘lishini bilaman. Lekin…! Zinodan bir necha marta qaytishga jazm qildim. Afsuski, bir qancha vaqt o‘tgach nafsim qo‘ymay yana shu ishga qo‘l urib qo‘ymoqdaman. Bir tarafda ayolim, farzandlarim va ota-onam oldida ichim eziladi.

Javob: Avvalo siz fahsh va zinoning va ularga olib boruvchi yo‘llarning mutlaqo harom ekanligini bilmagansiz. Bilmaganingiz esa sizning aybingizdir. Bilganingizda balki o‘rtog‘ingizning kompyuterida fahsh bor videoni ham ko‘rmagan bo‘lar edingiz. So‘zlaringizdan o‘sha video sizga katta ta’sir qilganga o‘xshaydi. Shuningdek siz fahsh ishlarni qilib yuradigan, o‘sha ishlarni gapirib yuradigan pastkash odamlar bilan ulfat tutingansiz. Bunday odamlar bilan ulfat tutinish hech qachon yaxshilikka olib bormagan.

Siz ayolingizdan qoniqish hosil qilmay qo‘yganingizda buni uning o‘ziga aytishingiz, ikkovingiz o‘zaro maslahatlashishingiz lozim edi. Endi unday ulfatlardan ajralib chiqing va jinsiy madaniyatingizni o‘zingiz ham, ayolingiz ham oshiringlar.

Asosiysi, Allohga tavba qiling va nafsingizga qarshi kurashing va o‘ta irodali bo‘ling. Nafsingizga qarshi qattiq kurashmaganingiz uchun siz zinoga qayta-qayta qo‘l uryapsiz. Ushbu kurash davomida tinmasdan Allohdan nafsingizga qarshi sabot so‘rang.

Zinokor ayol: Men u bilan ijtimoiy tarmoqlarda tanishgan edim. Uzoq vaqt yozishib yurdik. Avvalida do‘st bo‘lib boshlangan narsa astalik bilan boshqacha tus ola boshladi. Buning sababi ko‘chada uch yoki to‘rt marta ko‘rishganimiz deb o‘ylayman. Bir kuni ishdan qaytayotganimda u telefon qilib uyida suv quvuri yorilgani va hamma yer suv bo‘lib ketganini aytdi. So‘ngra uyiga yaqinroqda bo‘lsam kirib ko‘maklashib yuborishimni iltimos qildi. Uyiga bordim. Uyida bir o‘zi edi. Suv quvuri yorilgan bo‘lsa ham suv unchalik tarqalmagan edi. Xullas u menga tega boshladi men ham o‘zimni to‘xtata olmadim…

Javob: Uning uyiga borayotganingizda hayolingiz qayerda edi!? Ijtimoiy tarmoqlar orqali shar’iy zarurat bo‘lmasa nomahramlar bilan suhbatlashish harom ekanligini bilmasmidingiz? O‘zaro nomahram erkak va ayol xoli qolishi harom ekanligini bilmasmidingiz?

Siz hoziroq o‘sha pastkash erkak bilan aloqangizni uzishingiz, uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermasligingiz shart. Allohga xolis tavba qiling va nafaqat fahshning o‘zidan balki unga olib boruvchi yo‘llardan ham uzoqda bo‘ling.

Afzal Abror tarjimasi

Kiritildi: 05:30 24.11.2020. O'qildi: 7971 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!