Bugun 23 oktyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

Diabetga chalingan bemorlar qanday taomlanishi kerak?

Diabetga chalingan bemorlar qanday taomlanishi kerak?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 400 milliondan ortiq kishi qandli diabetdan aziyat chekmoqda. Mutaxassislar bu ko‘rsatkich yildan-yilga faqat ortib borishini bashorat qilmoqda.

Ayniqsa, kasallikning 2-turi tobora yasharib bormoqda. Bu esa uni o‘z vaqtida aniqlash va oldini olishni taqozo etadi.

— Qandli diabetning 2-turi – surunkali xastalik bo‘lib, bunda inson tanasidagi barcha – uglevod, yog‘ va oqsil almashinuvlari buziladi, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova. — Ma’lumki, diabetning ushbu turi ortiqcha tana vazni va semizligi bo‘lgan shaxslarda rivojlanadi. Shuning uchun vaznni kamaytirish kasallikni davolashning asosiy usuli hisoblanadi.

Bu xastalikda tana og‘irligini kamaytirish dori-vositalaridan foydalanish bilan birga, turmush tarzini o‘zgartirish, ya’ni parhez va jismoniy faollikni oshirish orqali amalga oshiriladi.

Isbotlanganki, qandli diabetning 2-turida ovqatlanish tartibini nazorat qilish orqali quyidagilarga erishish mumkin:

qonda qand miqdorini pasaytirish;
qonda qand miqdori va qon bosimini pasaytiruvchi dori-vositalar miqdorini kamaytirish;
tana vaznini tushirish;
depressiya va xavotir xavfini kamaytirish;
hayot sifatini yaxshilash.

Aniqlanganki, tana vaznini 10 foiz va undan ko‘proqqa kamaytirish orqali qandli diabetning 2-turi remissiyasiga, ya’ni qonda qand miqdorini pasaytiruvchi dorilarsiz uni me’yorda bo‘lishiga erishish mumkin.

Ma’lumki, semizlik bu inson tanasida insulin gormoni ko‘pligining belgisidir. Agar bu holat uzoq davom etsa, keyinchalik insulinga nisbatan sezuvchanlik pasayib, avval diabet oldi holatlari, vaqt o‘tishi bilan esa uning 2-turi rivojlanadi. Shuning uchun bu kasallikda ovqatlanish qoidalari aynan tana vaznini pasaytirishga qaratilgan bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, bemorlar kun tartibiga rioya qilishlari muhim ahamiyatga ega. Bunga har kuni 5 mahal (3 marta asosiy va 2 marta qo‘shimcha ovqat) oz-ozdan ovqatlanish va sifatli uyqu kiradi.

Qandli diabetning 2-turida rasional ovqatlanish, ya’ni iste’mol qilingan ovqatga yarasha jismoniy faollik zarur. Agar inson ko‘p taom iste’mol qilib, kam harakat qilsa, bu uning semirishiga sabab bo‘ladi. Agarda ovqat iste’moli bilan harakat darajasi bir xil bo‘lsa, va hattoki, ko‘proq bo‘lsa, bu aksincha tana vaznining pasayishiga olib keladi.

Muvozanatlashgan taomlanish, ya’ni qandli diabetning 2-turiga chalingan bemorning ovqati tarkibida oqsil, yog‘ va uglevodlar xuddi sog‘lom insonniki kabi nisbatda (1:1:4) bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, bemorlar meva va sabzavotlarni iste’mol qilishda ularning glikemik indeksiga, ya’ni ovqatdan keyingi qonda qand miqdorini oshishiga ta’sir qiluvchi ko‘rsatkichni inobatga olishlari lozim.

Glikemik indeksi bu – glyukozaning qonga o‘tish tezligini baholaydigan ko‘rsatkichdir. U qanchalik yuqori bo‘lsa, glyukoza qonga shunchalik tez o‘tadi va uning qondagi miqdori yuqori bo‘ladi.

Shu bois bemorlarga glikemik indeksi yuqori bo‘lgan meva va sabzavotlarni ko‘p iste’mol qilish tavsiya qilinmaydi.

Yuqori glikemik indeksga ega bo‘lgan meva-sabzavotlarga qaynatilgan lavlagi, qovoq, qovoqcha (kabachki), sabzi, makkajo‘xori, kartoshka, qovun, tarvuz, uzum, banan, quritilgan mevalar (turshak, mayiz, xurmo), konservalangan meva va rezavorlar kiradi.

Past glikemik indeksga ega bo‘lgan meva va sabzavotlar esa karamning barcha turlari (oq, qizil, pekin, rangli, brokkoli, boryussel karami), yashil loviya, xom sabzi, turp, rediska, sholg‘om, baqlajon, bulg‘or qalampiri, bodiring, pomidor, olcha, gilos, olxo‘ri, o‘rik, shaftoli, nok, olma, qulupnay, malina, apelsin va mandarin kabilar hisoblanadi.

Kiritildi: 10:39 09.07.2024. O'qildi: 1240 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!