ALVASTILAR O‘YINI
Nizomjon ISLOMOV
— Meni o‘ldirib qo‘yishadi, qutqaringlar, yordam beringlar.
Ro‘paramdagi karavotda yotgancha baqirayotgan ayolga rahmim keldi. Sochi to‘zg‘ib ketibdi. Barmoqlari nuqul titraydi. Hatto o‘ng qo‘lining jimjilog‘iga taqilgan uzuk ham bezovta. Uzukka tikilarkanman, xayolimga lop etib bir fikr keldi.
— Uzuk jimjiloqqa taqiladimi? — so‘radim mendan-da ajablanib turgan yordamchimdan.
— Yo‘q, — deya ko‘rsatkich barmog‘ini chakkasiga tiradi yordamchim. — Bu sal anaqaroq bo‘lib qolgan.
— Unda nega jinnixonada emas?
— Qiziqsiz-a, axir, uyida hech kim bo‘lmasa, kim ham Kamolovani jinnixonaga olib borardi? Qolaversa, bechora bu ahvolga yaqindagina tushgan ko‘rinadi.
— Unda bundan bir gap chiqishi qiyin, — hafsalam pir bo‘ldi mening. So‘ng xontaxta ustida turgan ikkita stakanni bir chetga surib qo‘ydim. — Izquvarlarga qo‘ng‘iroq qilishni har kim ham eplashi mumkin, ammo bo‘lgan voqealarni batafsil aytib berish bu ayolning qo‘lidan kelmasa kerak.
Chuqur xo‘rsinib, endi ortimga o‘girilgandim hamki, ayolning ayanchli ovozi eshitildi:
— Ketmang, — dedi u qo‘lini oldinga cho‘zib. — Meni o‘ldirishmoqchi.
— Kim o‘ldirmoqchi sizni? Ayting…
— Ajinalar, shaytonlar… Ha-ha, sochlari to‘zg‘ib, ko‘zlari alang-jalang bo‘lib yurgan alvastilar…
— Ajinalarmi, alvastilarmi, shaytonlarmi, qaysi biri? — so‘radim ayolga yaqinroq kelib.
— Hammasi… ular uyni egallab olishgan.
— Men ko‘rmayapman-ku! — xuddi sochlari hurpaygan alvastini ko‘rib qoladigandek uyni sinchiklab qaradi yordamchim.
— Ular faqat menga ko‘rinishadi, ishonmasangiz, — deya ayol o‘rnidan turib, yonimizga keldi. — Mana, qarang.
U yuvinish xonasining eshigini ochdi. Shu payt birdan qandaydir sokin musiqa ovozi eshitildi.
— Ko‘rdingizmi? — dedi u ko‘zlarini katta-katta ochib. — Mana shular meni o‘ldirishmoqchi. Ular “Alvastilar qo‘shig‘i”ni kuylashadi.
— Alvastilar qo‘shig‘i?! Qo‘ysangizchi, balki eshik ochilganda, shunaqa ovoz chiqar. Hozir ko‘raylikchi…
Yordamchim eshikni ochib yopdi, ammo hech qanday ovoz eshitilmadi. Bu hol meni ham ajablantirdi. Chunki shu paytgacha hech bir sinoat, afsun, sehrgarlikka ishonmasdim. Lekin hozir ko‘z o‘ngimda sodir bo‘layotgan voqealar… Men sekin eshikni ushladim-da, o‘zim tomonga tortdim. Yo‘q, hech qanday ovozni eshitmadim. Keyin ayolga qaradim. U: “Ko‘rdingizmi?” degandek qoshini chimirib qo‘ydi. Keyin yana eshikni ochib yopgandi, yana boyagi g‘alati musiqa ovozi eshitildi.
— Eringiz qayerda? — so‘radim ayoldan.
U bir muddat o‘ylanib turdi-da:
— Ketgan, — dedi qo‘li bilan devor tomonni ko‘rsatib. — Uzoqqa ketgan, safarga…
— Qayerga safarga? Ish yuzasidanmi? — savolga tutdi bu safar yordamchim.
— Yo‘q, meni tashlab ketgan. Jinni bilan yashamayman, degan. Hozir boshqasini topib olgan bo‘lsa kerak. Mendek jinnini boshiga uradimi?
— Ha, bu unga yana bir zarba bo‘lgan, — dedi sherigim. — Bekorga jinni bo‘lib qolmagan ekan, dunyoda qanday erkaklar bor-a, shundoq chiroyli ayolni ham tashlab ketib bo‘larkanmi?
Yordamchimning bu savoli mening ham miyamda aylanayotgandi.
— Bizdan nima istaysiz? — Yana ayolga yuzlandim men.
— Ular meni o‘ldirishadi. Meni qutqaring.
— Bo‘pti. Uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga topshiramiz. Shu bilan bo‘ldimi?
— Ular… — tutilib gapira boshladi ayol. — Ajinalar u yerga bora olishmaydimi?
— Ajinalarmi? Yo‘q, xotirjam bo‘lavering, — ayolni yupatgan bo‘ldim.
— Unda yaxshi. Boraman.
Xayolimni devordagi allaqanday chiziqlar tortdi. Biroz qo‘porilgandi. Qo‘lim bilan ushlab ko‘rdim, qo‘lim ham birpasda oppoq bo‘ldi.
— Kechirasiz, qo‘limni yuvib olsam degandim.
Ayol yuvinish xonasining eshigini ochib bergach, qo‘limni tozalab yuvib oldim. Keyin:
— Ketdikmi? — dedim ayolga qarab. — Sizning hayotingizga men javob beraman. Shunday ekan, manavi ajinalardan qutqarishim kerak. To‘g‘rimi?
Ayol jilmayib qo‘ydi. Keyin ketma-ket uydan chiqdik. Oyog‘imni sudrab yurishga o‘rganib qolganim uchun eshikdan chiqayotib oyog‘imni nimagadir ilashtirib oldim. Gilam ko‘tarilib qoldi, ammo ayol shu zahoti uni to‘g‘rilab qo‘ydi.
— Eringizning familiyasini ayta olasizmi? — tag‘in ayolni savolga tutdim.
— Jo‘rayev, — javob berdi ayol hafsalasizgina. — Bankda ishlaydi. Yer yutsin uni…
Yo‘l-yo‘lakay taksi to‘xtatdim. Ayol sariq rangli yengil mashinaning orqa eshigini o‘ng qo‘lining ko‘rsatkich va o‘rtancha barmog‘i bilan ochdi-da, mashinaga o‘tirdi. Yonida esa men joylashdim.
— Uyingizda ajinalar bilan bog‘liq yana biror sinoatli hodisa sodir bo‘lganmi?
Ayol bu savolimni kutmagan, shekilli, menga hayron bo‘lib qaradi. Keyin biroz o‘ylangan kishi bo‘ldi-da:
— Ha, ba’zan tashlanib ham qolishadi, — dedi. — Ammo men ularga yon bermayman. Fonarim bilan daf qilaman ularni… Ha…
Ayolni kerakli manzilga eltib qo‘ygach, uning erini topishga kirishdim.
— Shu shartmi? — deya norozi bo‘ldi sherigim qarorimni eshitganidan keyin. — Ayolni shifoxonaga olib borib qo‘ydik, tamom. Qiladigan ishimiz qolmadi-ku.
— Adashasiz. Ishimiz endi boshlandi. Men bu ayolga kim suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lganini bilishim kerak.
— Suiqasd? — ensasini qotirdi sherigim. — Bu ayolga kim suiqasd uyushtirishi mumkin? Bir jinni bo‘lsa…
— Hamma gap mana shu jinnilarda. Agar bilsang, bu hayotda eng ko‘p ish jinnilarning qo‘lidan keladi. Men sezib turibman…
— Nimani?
— Hech nimani… Bo‘pti, men bankka ketdim. Jo‘rayev deganlari bilan gaplashib ko‘ray-chi… unda nima gap ekan?
Birozdan so‘ng baland qavatli bank binosi oldida paydo bo‘ldim. Jo‘rayev deganlarini topish qiyin bo‘lmadi. Chunki ayolning uyiga borganimda uy anchagina hashamatli ekanligiga guvoh bo‘lgandim. Bu hashamatlarni esa topish-tutishi tuzukkina bo‘lgan odam yarata oladi. Mabodo bu odam bankda ishlasa, unda faqat bitta bankda ishlashi mumkin, ya’ni, yaxshigina “o‘yin” bo‘ladigan bankda. Men mo‘ljallagan bank esa, aynan turli o‘yinlar avjiga chiqqan maskan hisoblanardi, chunki bu bank boshqa banklarga nisbatan ancha ko‘p omonatchilarga ega edi.
Jo‘rayevni topib borganimda, u kresloga yastangancha ko‘zini yumib o‘tirardi. Men eshikni ochib kirdim-u, tomoq qirib qo‘ydim. U esa ko‘zini ochib, meni ko‘rdi-yu, shoshmasdan o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— IYE, mehmon, keling, — dedi men uning uzoq kutgan mehmoni-yu, bank shaxsiy uyidek. — Qaysi shamollar uchirdi? Pulingizni omonatga qo‘ymoqchisiz, shekilli. Zap ish…
— Men izquvarman, — uning gapini bo‘ldim. — Oldingizga xotiningiz masalasi bo‘yicha kelgandim.
Bir zumda uning yuzidagi quvonch hafsalasizlik bilan almashdi. Qovog‘i osildi. Kresloga qaytib o‘tirdi-da:
— Izquvarlarga hozir ham ish bor ekanmi? — deb labini burib qo‘ydi.
— Albatta. Axir, bu dunyoda pixini yorgan jinoyatchilar ham uchrab turadi.
— Bu gapingiz to‘g‘ri. Xo‘sh, xotinim nima hunar ko‘rsatibdi yana?
— Uning ahvolidan xabardormisiz?
— Ahvolidan? — Jo‘rayevning yuzida zaharxanda aralash kulgi paydo bo‘ldi. — Agar jinniligini aytayotgan bo‘lsangiz, ha. Uning miyasi aynib qolgan.
— Unga kimdir suiqasd uyushtirishi mumkinmi?
— Suiqasd? Kimga? Xotinimgami? Janob izquvar, odatda, sizlarni juda sinchkov deyishadi. Ammo bunga o‘xshamaydi. O‘zini jinni deb hisoblayotgan, shundoq ham o‘zini o‘zi yeb bitirayotgan ayolga kim ham suiqasd uyushtirishi mumkin? Bo‘lmagan gap. Bu gapni qayerdan oldingiz o‘zi?
(Davomi ertaga qo‘yiladi)