Trampning AQSh Grenlandiyani sotib olmoqchiligi haqidagi da’volari ortidan Daniya o‘z gerbini o‘zgartirdi —The Guardian.
500 yil mobaynida mamlakat gerbida uch toj — Daniya, Shvesiya va Norvegiya o‘rtasida XIV asrda tuzilgan “Kalmar uniyasi” ramzi aks etib kelgan. 2024 yil dekabr oyi oxirida Daniya qiroli Frederik gerbni o‘zgartirishga farmon berdi. Yangi gerbda Kopengagen o‘z nazorati ostida saqlab qolmoqchi bo‘lgan hududlar — Farer orollari (qo‘y) va Grenlandiya oroli (oq ayiq) ramzlari oldingidan kattaroq shaklda aks etgan.
Donald Tramp kecha Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida joylagan postida grenlandiyaliklar AQShning bir qismi bo‘lishni istashayotgani, chunki bu "foydali" ekanini, shuningdek, "Grenlandiyani yana buyuk qilamiz!" kabi balandparvoz gaplarni yozgan edi.
O‘z navbatida, Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede orolga mustaqillik berilishini istamoqda. Uning fikricha, orolning Daniya tarkibidagi tarixi "teng huquqli hamkorlik yaratilishi mumkin emasligini" ko‘rsatmoqda. Egede o‘zining yangi yil murojaatida mahalliy hukumat konstitusiya loyihasini tayyorlagani haqida ham ma’lum qilgan edi.