Yo‘l qurilishi ishlari bilan band bo‘lgan o‘nlab odamlar kutilmaganda qor ko‘chkisiga duch keldi.
Juma kuni mahalliy amaldorlar ma’lum qilishicha, Hindiston Himolay tog‘larida yuz bergan kuchli qor ko‘chkisi kamida 41 kishini qor ostida qoldirgan.
Hodisa Uttarakxand shtatining Tibetga chegaradosh Chamoli hududidagi avtomagistral yaqinida, har yili yuz minglab ziyoratchilar tashrif buyuradigan Badrinath hind ibodatxonasidan 5 kilometrdan kamroq masofada sodir bo‘lgan.
Qor ko‘chkisi Garxval sektoridagi Mana qishlog‘i yaqinida joylashgan Umumiy zaxira muhandislik kuchlari lageriga zarba bergan.
Mahalliy polisiya xabariga ko‘ra, dastlab 57 kishi qor ostida qolib ketgan.
Biroq qutqaruvchilar 16 kishini qutqarishga erishgan, deya ma’lum qildi katta polisiya zobiti Rajeev Svaroop juma kuni ertalab.
Sky News xabar berishicha, ularning besh nafari og‘ir ahvolda bo‘lib, harbiy tibbiyot muassasasida davolanmoqda.
150 ga yaqin harbiy xizmatchi milliy va mintaqaviy favqulodda vaziyatlarga javob berish kuchlarining qutqaruvchilariga tirik qolganlarni izlashda yordam bermoqda.
Afsuski, noqulay ob-havo sharoiti qutqaruv ishlariga to‘sqinlik qilayotgani haqida mahalliy mansabdor shaxslar ma’lum qildi.
"Hozirda qutqaruv operasiyasi sekin davom etmoqda, chunki kuchli yomg‘ir tufayli harakatlanishda qiyinchiliklarga duch kelmoqdamiz," - dedi Chamoli tumani hokimi Sandeep Tivari.