Bugun 23 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Crocus teraktida ayblanayotgan tojikistonlik Muhammadsobir Fayzovning qarindoshlari o‘z haqiqatlari bilan bo‘lishdi

Crocus teraktida ayblanayotgan tojikistonlik Muhammadsobir Fayzovning qarindoshlari o‘z haqiqatlari bilan bo‘lishdi

Moskva viloyatidagi Crocus City Hall’dagi teraktda gumon qilinayotgan Tojikiston fuqarolaridan biri Muhammadsobir Fayzov bir oydan keyin 20 yoshga to‘ladi. U oilasida 5 o‘g‘ilning kenjasi bo‘lib, akasi Naimjondan tashqari akalari va otasi kabi Rossiyada ishlagan.

Muhammadsobirning qarindoshlari, qo‘shnilari va mahalliy imomning so‘zlariga ko‘ra, u dindor yigit bo‘lmagan, yaxshi tarbiya topgan. AsiaPlus nashri teraktda ayblanayotgan yigitning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

“Men nima qildim?”

Muhammadsobir hibsga olinishidan oldin Rossiyaning Ivanovo shahridagi salonlardan birida sartarosh bo‘lib ishlagan. Ayrim mijozlar bu sartaroshxonaga faqat uning xizmatlari uchun kelgan.

U 23 mart kuni 140 dan ortiq odamning o‘limi va yuzlab odamlarning jarohatlanishiga sabab bo‘lgan Crocus teraktida gumon qilingan yana uch tojikistonlik bilan birga hibsga olingan. Uni Basmanniy sud zaliga nogironlar aravachasida yuzi ko‘kargan va kaltaklangan holda olib kelishgan.

Rossiya huquq-tartibot idoralari vakillariga ko‘ra, Muhammadsobir qo‘lga olish amaliyoti chog‘ida go‘yoki qarshilik ko‘rsatgan va shu sababli bir ko‘zi jiddiy shikastlangan. U so‘roq paytida tarjimon yordamiz tergovchining birinchi savoliga: “Men nima qildim?”, deya javob bergan.

Qarindoshlari, qo‘ni-qo‘shnilari, o‘qituvchilari Muhammadsobir terakt uyushtirib, o‘nlab odamlarni o‘ldirganiga ishonmaydi.

Onasi jurnalistlar bilan gaplashishni istamaydi

7 aprel oqshomida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati teraktda gumonlanayotganlarni so‘roq qilayotgani aks etgan videoni ko‘rsatdi. Unda ayblanuvchilar koordinatorlari Sayfullo ismli shaxs bo‘lgani, bu ish uchun ularga 1 million rubl va’da qilinganini aytdi.

Tojikiston hukumati 8 aprel kuni ertalab Muhammadsobirning onasi Sayram Fayzovani so‘roqqa chaqirib, tushdan keyin qo‘yib yubordi. Onaning so‘roq qilinishi uning o‘g‘li gapirgani aks etgan videoga bog‘liqmi yoki yo‘qligi noma’lum. Biroq so‘roqdan so‘ng Sayram Fayzova jurnalistlar bilan gaplashishdan bosh tortgan va ularning ko‘z o‘ngida eshikni yopgan. Ayol hatto uyini suratga olishga ham ruxsat bermagan.

Muhammadsobirning akasi Naimjon qisqagina qilib , “Biz hamma narsani qonun doirasida aytdik. Hammasi aniq, boshqa hech narsa deya olmaymiz”, degan.

“U hammasi aniq deganda nimani nazarda tutgani tushunarsiz. Shu bilan birga u faqat kutyapmiz, duo qilaylik, nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi, deb takrorlagan”, — deydi AsiaPlus nashri.

Naimjonning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar Fayzovlar oilasi a’zolaridan hech birini hibsga olmagan.

Rossiyaga borish maqsadi

Maktabni tugatgandan so‘ng Muhammadsobir uyda sartarosh bo‘lib ishlagan va akalari Rossiyada qo‘nim topishganidan keyin taxminan 2022 yil — u Ivanovoga ishlash uchun ketgan.

U yaxshi va aqlli bola edi, “yo‘q” degan so‘zni bilmasdi, maktabda yaxshi o‘qidi, o‘qituvchilar uning ustidan shikoyat qilishmagan, — deydi Muhammadsobirning buvisi 76 yoshli Tojiniso Fayzova.

Ayblanuvchining onasi 26 mart kuni Ozodlik radiosiga bergan intervyusida o‘g‘li va boshqa oila a’zolari oilaning iqtisodiy muammolarini hal qilmoqchi bo‘lib, Rossiyaga jo‘nab ketganini aytgan.

Bir hovlida to‘rt oila yashaymiz. Men va uch nafar kelinim. Ular yer sotib olmoqchi edilar. Muhammadsobirning akalaridan birining o‘g‘li Xitoyda o‘qiydi. Muhammadsobir ham u yerga o‘qishga boraman, dedi. Otasi unga pul yig‘ishi kerakligi, bu uning o‘qishini davom ettirishiga yordam berishini aytdi. U haqiqatan ham chet tilini o‘rganishni xohlardi. Hech qanday nazoratda bo‘lmagan. Topgan pullarini otasiga jo‘natib turgan. So‘nggi ikki-uch hafta ichida unga nima bo‘lganini bilmayman. Otasining ruxsatisiz telefon ham sotib olmagan, — deydi Muhammadsobirning onasi.

Muhammadsobir maoshidan norozi bo‘lgan

Ivanovo viloyatidagi My Style sartaroshxonasida Muhammadsobirga ish bergan shaxsning so‘zlariga ko‘ra, uning ishida kamchilik bo‘lmagan.

Muhammadsobir Fayzov o‘z ishining ustasi edi, ko‘plab mijozlar aynan u uchun keladi, ishdan ketganida mijozlar ham kelmay qo‘ydi, — deydi u.

Biroq onasining so‘zlariga ko‘ra, “o‘g‘li maoshidan unchalik mamnun emasdi, kamligini aytardi. U sartaroshlikdan ketib, Peterburgda meva sotishini aytgan”.

Sayram Fayzova har kuni ertalab va kechqurun Muhammadsobir bilan telefon orqali muloqot qilgan, teraktdan bir kun oldin gaplashganida o‘g‘li “hammasi yaxshi”ligini aytgan. Fayzovlar oilasining qo‘shnilari Muhammadsobirni bosiq, xushmuomala, yigit sifatida ta’riflab, ziyoli oilada ulg‘aygani uchun bunday ishga qo‘l urishiga ishonmasliklarini bildirdi.

Qo‘shnilaridan 73 yoshli Mamlakat Sobirovaning aytishicha, Muhammadsobir farzandlari bilan birga katta bo‘lgan.

“Ko‘z o‘ngimda ulg‘aygan, bolalarim bilan o‘ynagan. Biror narsa so‘rashsa, yugurib kelib yordam berardi. Biz bilan do‘konga borgan, bozorlikni uygacha ko‘tarib kelgan. Uning ota-onasi ham yaxshi insonlar. Voqea sodir bo‘lganidan xabar topgach, oila a’zolarining qayg‘usiga sherik bo‘ldik. U bu ishni qilganiga ishonmayman”, 1 ta’kidlaydi u.

Fayzovlar uyi yonida joylashgan do‘konlardan birining sotuvchisi Zulayho Tolibova ham Muhammadsobir xushmuomala, odobli, kattalarni hurmat qiladigan yigit bo‘lganini aytdi.

Shaxsan men uning shunday ish qilganiga ishonmayman. Oilasida hech kim boshqalar bilan yomon munosabatda bo‘lmagan, qo‘shnilariga yomonlik qilmagan, — deydi u.

Sarikishti mahallasidagi “Amir Hamza” jome masjidi imom-xatibi Saidrahmon Habibovning Asia-Plusga ma’lum qilishicha, Muhammadsobir ba’zan masjidga har hafta isiriq, tasbeh va boshqa narsalarni sotgan akasiga yordam berish uchungina kelgan.

“Ularning otasi va aka-ukalari namoz o‘qish uchun masjidga kelgan, lekin men bu bolani namoz vaqti ko‘rmaganman. Ular yaxshi odamlar. Bolalarning aksariyati oliy o‘quv yurtlarini bitirgan. Bu yigit shunday ish qilganiga ishonmayman. Ularning oilasi dindor emas, faqat namoz o‘qiydi”, — dedi Habibov.

Ziyoli oilada ulg‘aygan

Otasi o‘qituvchi, onasi kutubxonachi bo‘lgan. Muhammadsobir Rudakiy tumanidagi 74-maktabni tamomlagan. Otasi va onasi uzoq yillar shu maktabda ishlagan. Onasi avval o‘qituvchi, keyin esa maktab kutubxonachisi sifatida faoliyat yuritgan. Otasi esa rus tili o‘qituvchisi bo‘lgan.

Muhammadsobirga dars bergan maktab o‘qituvchilarining “Asia-Plus”ga aytishicha, u yaxshi o‘qigan, jamoat ishlarida faol qatnashgan. Crocus’dagi terakt payti aks etgan videoni ko‘rgan maktab mudiri Abdulaziz Abdusamadov ularning sobiq bitiruvchisi bunday narsaga qodirligiga ishonmasligi, chunki u ziyolilar oilasida tug‘ilgani, tarbiyali bo‘lganini aytdi.

“Shaxsan men uning ekstremistik guruhlarga qo‘shilganiga ishonmayman. O‘qish davrida diniy ta’lim olmagan, namozga ham bormagan, onasi uni doim nazorat qilib, barcha ota-onalar yig‘ilishlarida qatnashgan”, — deb tushuntirdi u.

Abdusamadovning so‘zlariga ko‘ra, Muhammadsobir aniq fanlarga ko‘proq qiziqqan va hatto Tibbiyot universitetiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan, ammo bilimi yetarli bo‘lmagan.

Crocus’dagi terakt 22 mart kuni sodir bo‘lgan. “Piknik” guruhi konserti boshlanishidan bir oz oldin avtomatik qurol bilan qurollangan to‘rt kishi konsert zaliga bostirib kirgan. Avvaliga odamlarga qarata o‘q uzishgan, keyin esa binoni ichkaridan yoqib yuborishgan. Hujum oqibatida 140 dan ortiq odam halok bo‘lgan, bir necha yuz kishi turli tan jarohat va talafotlar olgan. Teraktga aloqadorlikda ayblanib, bir necha Tojikiston fuqarosi qo‘lga olingan. ISHIDning Xuroson bo‘limi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Biroq Rossiya maxsus xizmatlari Ukrainani hujumga aloqadorlikda ayblagan. Rasman Ukraina teraktga aloqadorligini rad etadi.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Kiritildi: 11:59 18.04.2024. O'qildi: 2544 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!