Ijtimoiy tarmoqlarda «Chilonzor yo‘nalishida yo‘lovchilar kunduzgi vaqtda 9 daqiqadan ziyod poyezdni kutishmoqda» mazmunidagi xabar joylandi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent metropoliteni quyidagilarni ma’lum qiladi:
Joriy yilning 9 oktabr sanasi soat 13:00 lar atrofida harakatlanishi lozim bo‘lgan 13-sonli harakat tarkibi metropoliten xodimi tomonidan tekshirilganda, yo‘lovchilardan birining shaxsiy buyumi qolib ketgani aniqlangan. Yo‘lovchilar va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida, belgilangan yo‘riqnomaga asosan, ushbu poyezd tekshiruv yo‘lagiga yuborilgan. Buning natijasida esa yo‘nalishdagi poyezdlar belgilangan jadvaldan bir muddat kechikkan holda harakatlangan.
Shu o‘rinda yo‘lovchilardan metro xizmatidan foydalanishda o‘z shaxsiy buyumlariga e’tiborli bo‘lishlarini yana bir bor eslatib o‘tamiz. Bu metro poyezdlari yo‘nalishlarda belgilangan jadvalga asosan harakatlanishi uchun asosiy turtki bo‘lmoqda.