Chexiya prezidenti Petr Pavel o‘z harbiylarini Ukrainaga tinchlikparvar kontingent tarkibida yuborishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti yozmoqda.
Petr Pavelning qayd etishicha, u kontingent jo‘natishga birgalikda tayyor bo‘lishi bilan Chexiya ham uning bir qismi bo‘ladi, deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor Yevropa davlatlarining kuchli guruhi bo‘lsa, u holda Pavel "Chexiya ular orasida bo‘lishi kerakligiga chuqur ishonadi".
Avvalroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning matbuot kotibi 30 dan ortiq davlatning "xohlovchilar koalisiyasi" deb atalmish - Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini joylashtirishga va Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor davlatlar guruhiga qo‘shilishi kutilayotganini aytgandi.