— Jiyanimning eri Turkmaniston fuqarosi. Bir nafar farzandi bor. Eri Rossiyaga ishlagani ketganicha yo‘q, na qo‘ng‘iroq qiladi va na xabar oladi. Ota-onasi ham o‘g‘lining qayerda ekanini bilishmas emish. Jiyanim ajrashmoqchi, lekin “Turkmanistonda nikohdan o‘tgan bo‘lsangiz, o‘sha yerga borib ajrashing”, degan javobni oldi. Yosh bolasi bilan qanday boradi?
Ismi sir tutildi
Farhod Sharipov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi:
— O‘zbekiston Respublikasi oila to‘g‘risidagi qonunchilik Oila kodeksdan hamda unga muvofiq qabul qilinadigan boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.
Nikohning tugatilish asoslari Oila kodeksining 37-moddasida belgilangan bo‘lib, unga asosan er-xotindan birining vafoti yoki sud ulardan birini vafot etgan deb e’lon qilishi oqibatida nikoh tugaydi. Shuningdek, nikoh er-xotindan biri yoki har ikkalasining arizasiga muvofiq nikohdan ajratish yo‘li bilan, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan er yoki xotinning vasiysi bergan arizaga muvofiq tugatilishi mumkin.
Ushbu kodeksning 38-moddasiga muvofiq nikohdan ajratish sud tartibida, ushbu Kodeksning 42 va 43-moddalarida nazarda tutilgan hollarda esa fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida amalga oshiriladi.
Kodeksning 42-moddaga muvofiq voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotin nikohdan ajratishga o‘zaro rozi bo‘lsalar, ular nikohdan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ajratiladi.
Er-xotin o‘rtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish to‘g‘risida yoki ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo bo‘lgan taqdirda er-xotin yoki ulardan biri nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.
Kodeksning 43-moddasiga ko‘ra, agar er-xotindan biri:
• sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;
• sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;
• sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, o‘rtada voyaga yetmagan bolalari borligidan qat’i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra ular fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikohdan ajratiladi.
Agar bolalar haqida er-xotinning birgalikdagi umumiy mol-mulkini bo‘lish haqida yoki yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er (xotin)ga ta’minot berish uchun mablag‘ to‘lash haqida nizo mavjud bo‘lsa, ular nikohdan sud tartibida ajratiladi.
Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning oilaviy munosabatlardagi huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 234-moddasida belgilangan. Unga asosan O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uning hududida oilaviy munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlardan foydalanadilar va teng majburiyatlarga ega bo‘ladilar.
Ushbu Kodeksning 235-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida, boshqa davlat hududida o‘sha davlatning qonunchiligiga rioya qilingan holda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘rtasida tuzilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida tuzilgan nikohlar, agar ushbu Kodeksning 16-moddasida nazarda tutilgan nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida chet el fuqarolari o‘rtasida boshqa davlat hududida o‘sha davlatning qonunchiligiga rioya qilingan holda tuzilgan nikohlar O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.
Mazkur Kodeksning 236-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi, shuningdek chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohdan ajratish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan eri (xotini) bilan tuzilgan nikohdan, mazkur shaxs qaysi davlat fuqarosi ekanligidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi sudida ajralishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida nikohdan ajralish mumkin bo‘lgan hollarda bunday nikohdan ajralish O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalarida yoki konsullik muassasalarida amalga oshirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi nikohdan ajratish O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tegishli chet el davlatining qonunchiligiga rioya etilgan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohdan ajratish tegishli chet el davlatining qonunchiligiga rioya etilgan holda amalga oshirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksning 40-moddasiga asosan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar sud tomonidan Fuqarolik prosessual kodeksida da’vo ishlarini hal qilish uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksining 33-moddasiga asosan “Sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari” arizalar javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashg‘ul bo‘lgan joydagi sudga beriladi. Tashkilotlarga nisbatan arizalar ular davlat ro‘yxatidan o‘tgan joydagi sudga beriladi.
Da’vogarning tanlovi bo‘yicha sudlovga tegishlilik ushbu kodeksning 34-moddasida bergilangan bo‘lib, unga ko‘ra, yashash joyi noma’lum bo‘lgan javobgarga nisbatan da’volar uning mol-mulki turgan joydagi yoki uning ma’lum bo‘lgan so‘nggi yashagan joyidagi sudga taqdim etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida yashash joyiga ega bo‘lmagan javobgarga nisbatan da’volar O‘zbekiston Respublikasida uning mol-mulki turgan joydagi yoki ma’lum bo‘lgan so‘nggi yashash joyidagi sudga taqdim etilishi mumkin.
Aliment undirish to‘g‘risidagi, otalikni belgilash haqidagi va mayib bo‘lganlik yoki sog‘liqqa boshqacha tarzda shikast yetganlik yoxud boquvchisining o‘limi natijasida ko‘rilgan zarar o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da’volar da’vogar tomonidan o‘zi yashab turgan joydagi sudga ham taqdim etilishi mumkin.
Agar da’vogarning voyaga yetmagan bolalari borligi, shuningdek nogironligi yoki og‘ir kasalligi tufayli u javobgar yashab turgan joyidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga borishga qiynalsa, nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’volar da’vogarning yashaydigan joyidagi sudga taqdim etilishi mumkin. Bedarak yo‘qolgan deb yoxud ruhiy holati buzilganligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar, shuningdek uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar bilan nikohni bekor qilish to‘g‘risidagi da’volar da’vogarning xohishiga ko‘ra o‘z yashash joyidagi sudda ko‘rilishi mumkin.