Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan respublikamizga tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib kirilishiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi, 1977 y.t. “Q.U.”ning “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasi hududida joylashgan yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, xufiyona joyga yashirib qo‘yilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan 436 dona “Redmi Note 10s” uyali telefon apparatlari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida “Q.U.” umumiy qiymati qariyb 935 mln. so‘mni tashkil etuvchi mazkur telefon apparatlarini kelgusida sotish maqsadida Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosidan olganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda “Q.U.”ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.