Bugun 24 noyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

ChatGPT bergan ma’lumotlar xato(mi)?

ChatGPT bergan ma’lumotlar xato(mi)?

Yaqinda Dikin universitetida o‘tkazilgan tadqiqot ChatGPT chat-botidan akademik izlanishlarda foydalanish qanchalik ishonchli ekaniga jiddiy shubhalar tug‘dirdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, chat-bot taqdim etgan ma’lumotlar va iqtiboslarning yarmidan ko‘pi yo noto‘g‘ri, yo butunlay o‘ydirma ekani aniqlangan. Ko‘plab havolalar mavjud bo‘lmagan manbalarga olib borgan yoki mantiqan mos kelmagan. Bu esa ChatGPT’dan ilmiy ishlarda foydalanish katta xatarlarga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Universitet tadqiqotchilari chat-botga ruhiy salomatlik bo‘yicha olti mavzu doirasida adabiyotlar sharhi tayyorlashni topshirgan. Tahlil davomida ChatGPT taqdim etgan 176 ta iqtibosning 35 tasi (19,9%) to‘liq o‘ydirma ekani, qolgan 141 tasi (45,4%) esa noto‘g‘ri sahifa raqamlari, mos kelmaydigan nashr sanasi yoki mavjud bo‘lmagan DOI raqamlarini o‘z ichiga olgani ma’lum bo‘ldi.

Faqat 77 ta iqtibos (43,8%) aniq va ishonchli, deb topilgan. Biroq xatolarni darhol payqash oson emas: masalan, soxta DOI raqamlarining 64 foizi mavzu bilan umuman bog‘liq bo‘lmagan materiallarga, 36 foizi esa umuman mavjud bo‘lmagan manbalarga olib borgan.

Tadqiqotchilar ChatGPT’dan foydalanishda ehtiyotkorlikni kuchaytirish, aniq yo‘riqnomalar ishlab chiqish va ma’lumotlarni inson tomonidan majburiy tekshirish zarurligini ta’kidlashdi. Ilmiy jurnallar va ta’lim muassasalarini ham bunday xatolardan himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishga chaqirishdi.

Bundan tashqari, Yevropa teleradiokorporasiyalar ittifoqi (EBU) ham o‘tkazgan alohida tahlilda ChatGPT, Claude, Gemini va boshqa chat-botlar javoblarining 40 foizgacha qismini o‘ydirib, uni real fakt sifatida taqdim etishi qayd etilgan.

Aniqlangan ayrim misollar:

  • ChatGPT ba’zan «Papa Fransisk tirik» degan noto‘g‘ri ma’lumot bergan,

  • Microsoft Copilot Shvesiyaning NATOga a’zo ekanini tan olmagan,

  • Google Gemini esa Donald Trampning qayta saylanish ehtimoli haqida fikr bildirgan — bu AQSh qonunlariga zid.

Umuman olganda, ekspertlar sun’iy intellektdan foydalanishda hushyorlikni kuchaytirish va har qanday ma’lumotni tekshirishni asosiy qoida sifatida qabul qilish kerakligini aytishmoqda.

Kiritildi: Bugun 08:15. O'qildi: 401 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!