ChatGPT servisidan foydalanayotgan ayrim kishilardan endilikda pasport orqali shaxsini tasdiqlash so‘ralmoqda. OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, agar sistema foydalanuvchi 18 yoshdan kichik bo‘lishi mumkinligini aniqlasa, undan yoshni tasdiqlash talab qilinadi. Tekshiruvdan o‘tilmagunicha “faqat kattalar uchun” belgilangan mavzular bo‘yicha suhbat qilish imkoni cheklanadi.
Qizig‘i, ba’zi katta yoshli foydalanuvchilar ham asossiz ravishda tekshiruvga yuborilgan. Masalan, 30 yoshdagi bir foydalanuvchi ham pasport so‘ralganini xabar qilgan.
OpenAI bu funksiya hozircha sinov tariqasida va asosan ingliz tilidagi hududlarda joriy etilayotganini tasdiqladi. Kompaniyaning aytishicha, mexanizmning asosiy maqsadi — yosh cheklovlariga rioya qilish va voyaga yetmaganlarni nomaqbul kontentdan himoya qilish.
OpenAI pasport ma’lumotlari xavfsiz tarzda qayta ishlanishini, ma’lumotlar shifrlanishi va faqat yoshni aniqlash uchun ishlatilishini, hujjatlar esa ochiq holda saqlanmasligini ta’kidladi.
Internet foydalanuvchilari orasida esa ehtiyot chorasiga nisbatan munosabat turlicha: ayrimlar bu qadamni xavfsizlikni kuchaytirish sifatida qo‘llab-quvvatlasa, boshqalar kattalar ham noto‘g‘ri ravishda cheklovga tushayotganini tanqid qilmoqda.
OpenAI hozircha yoshni aniqlash tizimi sinov bosqichida ekanini, foydalanuvchilar fikrlari asosida mexanizmni takomillashtirish, shuningdek bank kartalari yoki raqamli identifikatorlar kabi alternativ tasdiqlash usullarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Pasport talabidagi bu yangi tartib hozircha tajriba sifatida joriy etilgan bo‘lib, kelgusida unda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.