Sobiq moliya vaziri, hozirda «O‘zbekinvest» rahbari Rustam Azimov Toshkent xalqaro investisiya forumida byudjet defisiti va fiskal siyosat yuzasidan fikr bildirdi. U defisitning sabablarini izohlar ekan, davlat infratuzilmasini yangilash majburiyatiga e’tibor qaratdi.
Azimovning ta’kidlashicha, oxirgi yillarda defisit 5,5−6 foiz darajasida bo‘ldi. Bu esa ko‘pincha yo‘llar, elektr va kommunal tarmoqlar, transport vositalarining eskirgani tufayli yuzaga kelgan. Hukumat bu muammolarni hal qilish uchun xorijiy qarz mablag‘larini jalb qilishga majbur bo‘lgan. Unga ko‘ra, ushbu infratuzilmaviy muammolar bartaraf etilmas ekan, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi qiyin bo‘ladi.
Fiskal siyosat bo‘yicha gapirar ekan, Azimov so‘nggi yillarda daromad solig‘i 24 foizdan 12 foizga, qo‘shilgan qiymat solig‘i esa 20 foizdan 12 foizga kamaytirilganini qayd etdi. U bu o‘zgarishlarni davlat byudjeti uchun katta yo‘qotish sifatida baholadi, ammo aholi va tadbirkorlik faoliyati uchun katta rag‘bat sifatida ko‘rsatdi.
Azimovning ta’kidlashicha, soliq yukining kamayishi soliq to‘lovchilar sonining ortishiga olib keladi. Shu bilan birga, u tashqi bozorda oltin va boshqa xomashyo mahsulotlar narxining yuqori bo‘lishi foydali omil bo‘lishini aytib o‘tdi.
Unga ko‘ra, mavjud imkoniyatlardan foydalanib, ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirish lozim. Bu esa ish o‘rinlari yaratilishi, eksport salohiyatining oshishi, import qaramlikning kamayishi va byudjetga qo‘shimcha tushum keltirishiga olib keladi.
Azimov, shuningdek, kichik va o‘rta biznesga yanada ko‘proq imtiyozlar yaratish zarurligini ta’kidladi. U mamlakatda har yili 650−750 ming odam mehnat bozoriga qo‘shilayotganini aytib, ularning asosiy qismi faoliyatini aynan mazkur sektorda amalga oshirayotganini qayd etdi.