Tesla Xitoyda elektrifikasiyalashgan avtomobillar savdosi bo‘yicha eng kuchli 10 ta avtomobil brendi reytingidan chiqib ketdi.
Bu haqda Xitoy Yo‘lovchi avtomobillari assosiasiyasi (CPCA) saytida e’lon qilingan oktyabr oyi statistik ma’lumotlarida keltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya bir oy davomida mamlakatda NEV toifasiga kiruvchi (elektromobillar va tashqi manbadan quvvatlanadigan gibridlar) atigi 8 817 ta avtomobil sotgan. Sentyabr oyida esa Tesla reytingda to‘rtinchi o‘rinni egallagan edi.
Taqqoslash uchun, Nio oktyabr oyida 34 030 ta, Li Auto esa 27 018 ta avtomobil sotgan. Reytingda 250 301 ta avtomobil va 22,4 foiz bozor ulushi bilan BYD yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinni Geely (131 708 ta), uchinchi o‘rinni esa Leapmotor (83 573 ta) egallagan.
Xiaomi Auto 50 123 ta avtomobil sotib, to‘qqizinchi o‘rindan oltinchi pog‘onaga ko‘tarilgan. Kompaniya savdosi sentyabr oyiga nisbatan 25,3 foizga o‘sgan. Bu eng yirik o‘nta brend orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Yil boshidan buyongi statistika ham Tesla uchun omadli bo‘lmayapti. Yanvar–oktyabr oylarida kompaniya Xitoyda 389 905 ta elektrifikasiyalashgan avtomobil sotgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga kam. Umumiy reytingda Tesla beshinchi o‘rindan yettinchi o‘ringa tushib ketgan.
Xiaomi esa 336 613 ta avtomobil natijasi bilan yana kuchli o‘ntalikka qaytgan. BYD 1,945 million dona avtomobil sotgan holda ishonchli tarzda yetakchilik qilmoqda.
Shu bilan birga, oktyabr oyida Xitoy avtomobil bozori umumiy hisobda yillik nisbatda 27,1 foizga qisqarib, 1,643 million donani tashkil etgan. NEV toifasidagi avtomobillar savdosi ham 13,7 foizga kamayib, 1,109 million donani tashkil qilgan.
Biroq ularning ulushi yangi yengil avtomobillarning umumiy chakana savdosida rekord darajaga — 67,5 foizga yetgan. Boshqacha aytganda, savdoning umumiy hajmi pasayishiga qaramay, elektromobillar va tashqi manbadan quvvatlanadigan gibridlar Xitoy avtomobil bozorida tobora katta ulushni egallamoqda.