BYD (Xitoy) taqdim etgan hisobotga ko‘ra, kompaniya to‘rtinchi chorakda rekord ko‘rsatkichlar qayd etib, 2024 yilda 1,76 millionta elektromobil sotdi.
Ushbu bozorning amaldagi yetakchisi Tesla esa 2024 yilning uch choragida 1,29 mln dona elektromobil sotdi, ya’ni kompaniya yana 476 ming dona mashina sotgan taqdirda yilni karvonboshi sifatida yakunlaydi, aks holda xitoyliklar o‘zib ketadi. Tesla kelayotgan haftada hisobotini e’lon qilishi kutilmoqda.
BYD Teslani choraklarda sotilgan mashinalar soni bo‘yicha bir yil avval ortda qoldirgan, ammo yillik sotuvlarda hali peshqadamlikka erishgan emas.
Yana bir jihatni hisobga olganda, xitoyliklar allaqachon ilgarilab ketishgan. Ya’ni gibrid elekromobillarni ham qo‘shganda BYD kompaniyasi 2024 yil davomida jami 4,25 mln dona mashina sotdi. Birgina dekabrning o‘zida BYD brendi ostida 510 mingta gibrid elektromobil sotilgan.