Buyuk Britaniyaning “CrossCountry Train” temir yo‘l kompaniyasiga tegishli poyezdni boshqarib ketayotgan mashinist xato tufayli yo‘lovchilarni boshqa shaharga olib ketib qolgan. Bu voqea temir yo‘ldagi ko‘rsatkichlar noto‘g‘ri tomonga burib qo‘yilgani oqibatida ro‘y berdi.
"Xs.uz" saytida yozilishicha, yo‘lovchi poyezdi Nyukasldan janub tomondagi Redding shahriga borishi kerak bo‘lgan. Biroq xato tufayli yuzlab odamlar uncha katta bo‘lmagan Pontefakta shahriga borib qolgan.
“Hozir men yo‘qolib qolgan poyezdda Pontefakta atrofidaman. Biz mashinist “noto‘g‘ri yo‘lni tanlagani” uchun tiqilib qoldik. Kim ham bunday bo‘ladi deb o‘ylabdi?” deya yo‘lovchilardan birining so‘zidan iqtibos keltiradi 360 telekanali.
Keyinchalik begona manzildan poyezd ortga qaytib, to‘g‘ri yo‘nalishga tushib olgan. Bunga qariyb bir soat vaqt ketgan. Yo‘lovchilar Sheffild shahrida tushirilgan. Ular shu joydan boshqa poyezdda o‘z manzillariga yetib oldi.