London — Buyuk Britaniyada so‘nggi uch oy — avgust, sentyabr va oktyabr oylarida 25 ta masjidga 27 ta hujum uyushtirilgan. Bu haqda Britaniya musulmonlari Trust (BMT) tashkiloti hisobotida ma’lum qilindi.
Hisobotga ko‘ra, hujumlarning 41 foizida Britaniya yoki Angliya bayrog‘i, shuningdek, nasroniy ramzlar va shiorlar qo‘llangan. Qolgan holatlarda masjid devorlariga haqoratli yozuvlar yozilgan, ramzlar chizilgan va ayrim holatlarda mulkka zarar yetkazilgan.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan iyulgacha faqat to‘rtta hodisa qayd etilgan bo‘lsa, keyingi uch oyda bu raqam 27 taga yetgan. Ayrim masjidlar bir necha marta hujumga uchragan.
BMT rahbari Akila Axmadning ta’kidlashicha, mamlakatda islomofobiya keskin kuchaymoqda.
“Masjidlarga qarshi hujumlar nafaqat ko‘paymoqda, balki yanada shafqatsiz tus olmoqda. Bu jamiyatdagi nafrat kayfiyatining ochiq ifodasi”, — dedi u.
Axmadning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi 4 million musulmon o‘zini xavfsiz his qilishi kerak.
“Vaziyat og‘irlashmoqda va bu normal hol deb qabul qilinmasligi lozim. Hukumat va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu jarayonni nazoratga olishi shart”, — dedi u.
Hisobotda polisiyaning ba’zi holatlarda faollik ko‘rsatmagani va jabrlanuvchilarga yetarli e’tibor berilmayotgani ham qayd etilgan. Bu esa jamoatchilik orasida norozilikni kuchaytirmoqda.