Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Buyuk Britaniya Chagos orollarini Mavrikiyga berdi

Buyuk Britaniya Chagos orollarini Mavrikiyga berdi

Buyuk Britaniya Hind okeanidagi uzoq, biroq strategik ahamiyatga ega Chagos orollari ustidan suverenitetdan voz kechishini va ularni Mavrikiyga topshirishini e’lon qildi, deb xabar beradi BBC News.

Londonning qarori Buyuk Britaniya va Mavrikiy o‘rtasida arxipelag bo‘yicha o‘nlab yillar davom etgan keskin muzokaralarga nuqta qo‘ydi.

Chagos orollariga AQSh dengiz floti kemalar va uzoq masofali bombardimonchilar uchun harbiy baza sifatida foydalanadigan tropik Diyego Garsiya atolli kiradi. Xususan, ushbu bazadan Amerika aviasiyasi Afg‘oniston va Iroqqa hujumlar paytida foydalangan.

Yangi kelishuv shartlariga ko‘ra, Britaniya Mavrikiydan Diyego Garsiyani kamida 99 yilga ijaraga berib, Qo‘shma Shtatlarga u yerda harbiy bazani saqlashga ruxsat beradi.

Harbiy bazani saqlab qolish mintaqada G‘arb davlatlari, Hindiston va Xitoy o‘rtasida o‘sib borayotgan geosiyosiy raqobatning asosiy omili hisoblanadi.

Buyuk Britaniya va Mavrikiy yetakchilari “mintaqaviy va global xavfsizlikda muhim rol o‘ynaydigan Diyego Garsiyadagi mavjud bazaning uzoq muddatli, xavfsiz va samarali ishlashini ta’minlashga” tayyor ekanliklarini ma’lum qilishdi.

AQSh “tarixiy” kelishuvni olqishladi.

“Bu diplomatiya va sheriklik orqali mamlakatlar uzoq yillik tarixiy qiyinchiliklarni yengib o‘tib, tinch va o‘zaro manfaatli natijalarga erisha olishining yorqin dalilidir”, - dedi AQSh prezidenti Bayden.

Shartnoma hozircha ishlab chiqilmoqda, biroq tomonlar uni imkon qadar tezroq yakunlashga va’da berishmoqda.

Kiritildi: 21:05 04.10.2024. O'qildi: 1025 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!