Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Buxorolik yigit nega tog‘asining tilla taqinchoqlarini o‘mardi?

Buxorolik yigit nega tog‘asining tilla taqinchoqlarini o‘mardi?

Buxoro tumanining Xonabod qishlog‘ida yashovchi, oqqon kasalligiga chalingan 25 yoshli Mansur Narziyev (ismi-shariflar o‘zgartirilgan) davolanish uchun tog‘asi Abdurasul Islomovning xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, 68 305 000 so‘mlik tilla va kumush taqinchoqlarni o‘g‘irladi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro tuman sudi raisi Nozimjon Jo‘rayev Daryo ga ma’lum qildi.

Tunda o‘g‘rilik sodir etib, voqea joyidan yashiringan Mansur Narziyev ertasiga tilla va kumush taqinchoqlarni olib, Buxoro shahrilik tanishlariga sotib, keyin u pullarga davolanishni maqsad qildi.

Hech qayerda ishlamayman, ikkinchi guruh nogironiman. Shifokorlar tashxisi meni har kuni o‘yga soladi. Bir nafar farzandim bor. Lekin xastalikdan azob chekaman. Tog‘am tilla taqinchoqlar savdosi bilan shug‘ullanadi. Uning uyida tilla buyumlar ko‘pligini bilganim uchun ham o‘g‘rilikka qo‘l urdim. Ularni sotib, yashashga umid bog‘ladim. Ammo qattiq pushaymonman , dedi bemor jiyan sayyor sudda.

Mazkur golat Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro tuman sudi tomonidan Xonabod mahalla fuqarolar yig‘ini binosida o‘tkazilgan sayyor sudda ko‘rib chiqildi. Mansur Narziyev O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismining v bandida (ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli, deb topildi.

O‘g‘limning davolanishi uchun bormagan joyimiz, kirmagan eshigimiz qolmadi. Har tong farzandimning umidsiz boqqanini ko‘rib, ming o‘lib-tirilaman. Lekin oilamizda hech kim bunday tarbiya olmagan. Noilojlik, chorasizlik xastagina bolamni yo‘ldan ozdirgan ko‘rinadi , ko‘z yosh to‘kadi onasi Ruqiya Islomova.

Sud hukmiga ko‘ra, Mansur Narziyevga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Mansur Narziyev suddan chet elga operasiya qilishi uchun ketishi lozimligini, o‘g‘rilikni pulga muhtojligi sababli sodir qilganini, oilaviy sharoitini inobatga olib, qonuniy yengillik berishni so‘radi

Ayblanuvchi Mansur Narziyevning aybiga iqrorligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi va yaqin qarindoshi tog‘asining unga da’vosi va jiyaniga shaxsiy adovati yo‘qligi, shuningdek, bemor jiyanning muqaddam sudlanmaganligi, og‘ir kasallikka chalinganligi inobatga olinib, unga 1 yil shartli sinov muddati belgilandi , dedi sud raisi Nozimjon Jo‘rayev.

P.S. Ayblanuvchi va uning onasining fikrlari orqali o‘g‘rilik yosh, ammo xasta yigit tomonidan davolanish uchun pul topolmagach, chorasizlikdan jinoyat sodir etilganini anglash mushkul emas. Yashashga talpinayotgan yigitga nisbatan sud adolatli qaror chiqardi. Xo‘sh, tuman hokimligi hamda sog‘likni saqlash mutasaddilari-chi?! Onaizorning og‘riqli so‘zlariga adolat bilan qarab, ko‘mak berishganda, balki bu jinoyat sodir etilmas edi.

Kiritildi: 16:10 05.02.2019. O'qildi: 1730 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!