Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Buxorolik fuqaro aybsiz deb topildi

Buxorolik fuqaro aybsiz deb topildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2008 yil 27 iyundagi hukmiga ko‘ra, T.S O‘zbekiston Respublikasi JK 210-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan JKning 45-moddasi qo‘llanilib, 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan va 2007 yil 30 noyabrdagi amnistiya akti 7-bandining “a” kichik bandi tatbiq etilib, o‘talmay qolgan jazo muddati uchdan bir qismiga qisqartirilgan.

Sudning hukmiga ko‘ra, S.T Navoiy shahar va tuman IIB JQ va UJQKB katta tezkor vakili vazifasida ishlab kelib, mas’ul mansabdor shaxs bo‘lgani holda o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, IIBda o‘zi bilan birga ishlovchi mansabdor shaxslar F.A va SH.Alar bilan oldindan til biriktirib, F.A va SH.Slar tomonidan 2007 yil 26 yanvar kuni soat 13:00larda Navoiy shahar va tuman IIBga olib kelingan B.A, SH.Ch va R.Shlarni ularning giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishlari haqida ma’lumotlar mavjudligi va ularni jinoiy javobgarlikka tortib, qamatib yuborishlari uchun dalillar yetarli ekanligi bilan qo‘rqitib, jinoiy javobgarlikdan qutqarish evaziga 4.000 AQSh dollari berishni talab qilib, tamagirlik yo‘li bilan shu kuni soat 22:00da tuman IIB binosida A.A o‘zining xizmat xonasida B.Aning jiyani M.Mdan 5.176.000 so‘mga teng bo‘lgan 4.000 AQSh dollarini pora tariqasida olganlikda aybli deb topilgan.

Sudlanuvchi S.T hamda uning himoyachisi-advokat M.K apellyasiya shikoyatida, S.Tning aybsizligi va harakatida jinoyat tarkibi yo‘qligi haqida vajlar keltirishib, sud hukmini bekor qilib, S.Tni oqlash xususida ajrim chiqarish so‘ralgan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 22-moddasi talablariga ko‘ra, sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqishi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan holatlarni aniqlashi va hisobga olishi lozim.

Ushbu kodeksning 463-moddasi 1-qismiga muvofiq, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi, ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarni tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 2014 yil 23 maydagi 7-sonli Qarorining 4-bandiga muvofiq, ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkinligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerakligi, sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozimligi;

dalillar maqbulligi nuqtai nazaridan baholanishida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yil 24 sentyabrdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-prosessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan tushuntirishlarga amal qilinishi lozimligi;

dalillarni baholash jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan mavjud holatlar haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi, rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi faktlar yoki narsalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirgan taqdirdagina ishga aloqador deb e’tirof etilishi;

tekshiruv natijasida haqiqatga muvofiq ekanligi aniqlangan dalillar ishonchli deb hisoblanishi, sudlanuvchining aybdorligi (aybsizligi) to‘g‘risidagi sudning xulosalariga zid bo‘lgan dalillar hukmda nafaqat ko‘rsatilishi balki, sud tomonidan nima uchun ular ishonchsiz deb topilganligi va rad etilganligi sabablari asoslantirilgan bo‘lishi lozimligi;

hukmda sudlanuvchining jinoiy harakatlarini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan dalillarga asoslanganda, sud ularning mazmunini yoritishi va tegishli baho berishi lozimligi;

5-bandida, “Sudlarning e’tibori, JPKning 22-moddasiga binoan ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun faqat qonunda nazarda tutilgan tartibda to‘plangan, tekshirilgan va baholangan ma’lumotlardan foydalanish mumkinligiga qaratilishi;

sudlar hukm JPKning 26, 90 va 455-moddalari talabiga binoan faqat sud majlisida tekshirilgan va sud majlisi bayonnomasida o‘z aksini topgan dalillarga asoslangan bo‘lishi lozimligini e’tiborga olishlari kerakligi”gi haqida tushuntirishlar berilgan.

Biroq sud, sudlangan S.Tga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda qayd etilgan qonun talablari va Oliy sud Plenumining rahbariy tushuntirishlariga rioya qilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 3-qismi “b” bandida (2001 tahririda), mas’ul mansabdor shaxs tomonidan pora olganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Mazkur jinoyatning ob’ekti davlat hokimiyati, boshqaruv va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining normal faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydigan ijtimoiy munosabatlar, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari hisoblanib, ob’ektiv tomondan pora olish mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy naf ko‘rishida ifodalanadi.

Sud, sudlangan S.Tni ayb epizodlari bo‘yicha pora olganlikda aybli deb topar ekan, hukmda u pora beruvchilarning manfaati uchun qaysi harakatlarni bajarish yoki bajarmaslik evaziga pora olganligini va bu aynan qanday dalillar bilan isbotlanganligini yoritib bermagan.

Sudlov hay’ati, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha pora predmeti bo‘lmagani va aniqlanib olinmagani, S.Tning pora olganligi ish holatlari bilan tasdiqlanmagani sababli, tergov organi tomonidan so‘roq qilingan guvoh M.Mni, tergov organi va birinchi bosqich sudida so‘roq qilingan B.A va boshqalarning, sudlangan S.Tga pora bergani haqidagi ko‘rsatuvlarini ishonchga sazovor emas deb hisobladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Oliy sudi raisi, Milliy xavfsizik xizmati raisi, Ichki ishlar vaziri tomonidan 2014 yil 23 iyunda imzolangan “Poraxo‘rlik jinoyatlari haqidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqish, bu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rishda qonun talablariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma ko‘rsatmaning 8.1-bandida, arizachining ko‘rsatmasi, shaxsning aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari bilan tasdiqlangan holatlar ham boshqa ob’ektiv dalillar aniqlanmagan taqdirda ayblash uchun yetarli asos bo‘la olmasligi inobatga olinishi;

8.2-bandida, shaxsga ayb e’lon qilishga faqat ob’ektiv dalillar majmuigina asos bo‘lishi mumkinligi, bunda, dalillar doirasini pora beruvchi va u bilan bog‘liq shaxslarning ko‘rsatmalari hamda aybiga iqrorlik ko‘rsatmalar bilan chegaralab qo‘ymasdan, shaxsni ayblash uchun pora predmetining olinishi, qonunlar bilan belgilangan tartibda pochta-telegraf va elektron jo‘natmalari, audio yoki videoyozuvlar, telefon yoki boshqa moslamalar orqali amalga oshirilgan so‘zlashuvlar aniqlanishi kabi aniq mezonlar bilan asoslantirish shartligi (jinoyat ustida ushlash holatlari bundan mustasno);

8.3-bandida, arzning yoki aybiga iqrorlik ko‘rsatmalarining haqqoniyligi, ixtiyoriyligi, har qanday tazyiqlardan xoliligi sinchkovlik bilan tekshirilishi hamda aybiga iqrorlik ko‘rsatmalari, ob’ektiv dalillarsiz, shaxsning aybini isbotlovchi “ustun” dalil sifatida e’tirof etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligi qayd etilgan.

JPKning 112-moddasiga ko‘ra, gumon qilinuvchining u sodir etgan jinoyat haqidagi ko‘rsatuvlari va ayblanuvchining o‘z aybiga iqror bo‘lishi, bu iqror bo‘lish mavjud dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina, uni ayblash uchun asos qilib olinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasiga muvofiq, qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmagan shaxs aybsiz deb topilishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 493-moddasida jinoyat ishini apellyasiya, kassasiya yoki nazorat tartibida ko‘rib, sud ushbu Kodeksning 83-moddasi va 84-moddasining birinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, shuningdek birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilgan dalillar sudlanuvchini aybli deb topish uchun yetarli bo‘lmasa va qo‘shimcha dalillar to‘plash imkoniyati qolmagan bo‘lsa, ayblov hukmini bekor qiladi va jinoyat shini tugatadi deb belgilangan.

Qayd etilganlarga asosan, sudlov hay’ati, tergov va birinchi bosqich sudida, S.Tning pora olgani apellyasiya instansiyasida biron bir dallilar majmui bilan tasdiqlanmagani va uning O‘zbekiston Respublikasi JK 210-moddasi 3-qismining “b” bandlari (yoki JKning 210-moddasi boshqa qismlari hamda bandlari)da nazarda tutilgan pora olish jinoyatini sodir etganligi o‘z isbotini topmaganligi sababli, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyasiya instansiyasining 2019 yil 10 sentyabrdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2008 yil 27 iyundagi hukmi bekor qilinib, T.Sning harakatida O‘zbekiston Respublikasi JKning 210-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPKning
83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilib, T.Sa’dullo aybsiz deb topilib, oqlandi.

T.Sga, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 304-313-moddalarida nazarda tutilgan tartibda, jinoiy ta’qib natijasida yetkazilgan mulkiy, ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini bartaraf qilish huquqi tushuntirildi.

 

             KSH-4-06/125-19-sonli ajrimi

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudining

sudyasi Z.Qurbonov

Kiritildi: 12:22 26.11.2019. O'qildi: 1659 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!