Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Buxorodagi uch asrlik masjid ochiladimi yoki... sotiladimi?

Buxorodagi uch asrlik masjid ochiladimi yoki... sotiladimi?

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir ma’lumot ko‘pchilik yurtdoshlarimizning dilini xira qildi. Bu Buxoro viloyatida xalq tomonidan qurilgan masjidning sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabar edi. Feysbuk tarmog‘idan olingan quyidagi postni o‘qib chiqib, keyin fikr va mulohazalarimizni davom ettiramiz:
“Buxoro tumanidagi Xonobod kishlog‘ida “Fayzixon” nomli masjid bor. 1717 yilda qurilgan. Yaqinda uning atrofida yashaydigan aholi tomonidan 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ yig‘ilib ta’mirlash ishlari olib borilgan. Ya’ni odamlar o‘z hisobidan ta’mirlashgan.

Hozirgi gaplarga qaraganda bu yerda endi novvoyxona ochilarmish. Masjidda qanday qilib non yopilishi mumkin degan savoldan oldin, nima asosida bunday bo‘lgani qiziq. Mahalla posboni va mahalla qo‘mitasi aytishicha Adliya vazirligi qarori emish. Lekin men Adliya Vazirligidan so‘rasam, bizda bunday vakolat yo‘q deyishdi. Aslida ham shunday, masjidlar bo‘yicha Adliya Vazirligi mas’ul emas.

Umuman olganda bu birinchi marotaba emas. Tumanlarda masjidlarni buzib joyida boshqa narsa qurish holatlari uchrab turgan ekan. Masalan Vobkentda.

Endi masjidlarni ham sotyapmiz degan qarorga kelsak bo‘ladimi shunda?”

*******
Endi mazkur masalaga baqadri imkon oydinlik kiritishga harakat qilamiz...

Ma’lumki, yurtimizdagi qadimiy binolar, hozirgi vaqtda foylanilayotgani yoki yo‘qligidan qat’iy nazar, moddiy madaniy meros sifatida ro‘yxatga olinib, ularga alohida e’tibor qaratiladi. Ammo...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros ob’ektlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 18.10.2019 yildagi 881-sonli qaroriga ko‘ra tasdiqlangan ro‘yxatga XVII asr boshida qurilgan ushbu masjid binosi kiritilmaganini qanday tushunish mumkin? 

Mazkur masala yuzasidan Buxoro tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi:
“2020 yil 19 may kuni internetning “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida “Masjidlarni sotamizmi” yoki “Buxoro tumani Xonobod mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan, 1717 yilda qurilgan Fayzixon masjidida novvoyxona ochilarmish” sarlavhali maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Haqiqatdan ham Buxoro tumani “Xonabod” mahalla fuqarolar yig‘inida 1717 yilda qurilgan Fayzixon nomi ostidagi madaniy meros ob’ekti-norasmiy masjid mavjud. Ushbu ob’ekt muqaddam shu hudud aholisi tomonidan masjid sifatida foydalanilgan va  davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi sababli qonuniy tartibda yopib qo‘yilgan. O‘tgan 2019 yilda  Viloyat hokimining 2019 yil 12 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi PQ-4095-sonli “O‘zbekiston Respublikasida turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash to‘g‘risida”gi 10-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tuman ishchi guruhi tomonidan tumandagi qolgan shunga o‘xshash davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va qarovsiz holga kelib qolgan masjidlar qatori tuman hokimligi balansiga o‘tkazilgan.

PQ-4095-sonli qarorga muvofiq hududlardagi turizm infratuzilmasi ob’ektlari, shu jumladan joylashtirish vositalari joylashgan yoki barpo etiladigan moddiy madaniy meros ob’ektlari o‘ttiz yilga, biroq o‘n yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga beriladi. Bunda ijarachilar besh yillik ijara haqqiga teng miqdorni o‘zlari joylashgan moddiy-madaniy meros ob’ektlarini restavrasiya va konservasiya qilishga yo‘naltirish hamda moddiy madaniy meros ob’ektlarini saqlash qoidalariga rioya qilish sharti bilan dastlabki besh yil uchun ijara haqqi to‘lashdan ozod etilganligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur murojaat tuman hokimligi va tuman adliya bo‘limi mutasaddilari tomonidan joyida borib murojaatchi va mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ishtirokida o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida mazkur obektda hech qanday novvoyxona faoliyat yuritmayotganligi, 100 mln so‘m mablag‘ sarflandi degan vaj ham asossiz ekanligi, shu hudud aholisi esa ushbu masjidni jome’ masjid sifatida faoliyatini tiklash niyatlari borligi aniqlandi. Va fuqarolarga mutasaddilar tomonidan jome masjid faoliyatini tiklash bo‘yicha kerakli huquqiy tushuntirishlar berildi” deyiladi  Buxoro tuman hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabatida.

Viloyat statistika boshqarmasi saytida berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Buxoro tumani aholisining soni (2019 yil holatiga) 165 ming 200 nafar. Ularning aksariyati tabiiyki islom diniga e’tiqod qiladi. Tumanda esa bor yo‘g‘i to‘rtta: Imom Buxoriy, Chor Bakr, Xitoyon va Imomi A’zam masjidlari bor xolos. Bu har 41 ming nafar kishi uchun bitta masjid degani. Bu judayam kam, to‘g‘rimi?

Umid qilamizki, tegishli tashkilotlar, jumladan, masjidlarning ochilishiga bevosita bosh-qosh bo‘ladigan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari Buxoro tumani “Xonabod” mahallasi aholisi murojaatiga ijobiy javob berib, uch asr muqaddam bunyod etilgan ibodatxonani faoliyat yurgizishiga o‘z hissalarini qo‘shadilar. 

Yurtimizda masjidlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, ibodatlar, duoyi xayrlar ko‘payadi. Ana shunda turli bo‘ron, sel, zilzila kabi tabiiy ofatlardan, osmoniy balolardan emin bo‘lsak, ne ajab. Zero, dono xalqimizning yomg‘ir bilan yer ko‘karar, duo bilan el, degan maqoli bejiz aytilmagan. 

Maqolani mashhur bayt bilan yakunlasam, qarshi bo‘lmassiz?

Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast,
Buxoro quvvati Islomi din ast...

Abu Sojid al-Axsitakiy

Manba: azon.uz

Kiritildi: 23:28 21.05.2020. O'qildi: 3486 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!