Buxoro viloyatida 9 oy ichida atmosferani ifloslantirgan 117 nafar mansabdorga chora ko‘rildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan atmosfera havosini muhofaza qilish talablarining buzilishiga qarshi doimiy nazorat reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Reyd davomida o‘tgan 9 oy ichida jami 1 356 nafar fuqaro tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, huquqbuzarlarning 117 nafari mansabdor shaxslar ekanligi aniqlandi. Ular qurilish chiqindilari va boshqa chiqindi turlarini yoqish, shuningdek, dala va aholi punktlarida xazon, shox-shabbalarga o‘t qo‘yish kabi huquqbuzarliklarni sodir etgan.
Holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlar jami 332 million so‘m miqdorida jarimaga tortildi.