Dmitriy Peskovning aytishicha, “Burevestnik” raketasi sinovlarida Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni “taranglashtirishi” mumkin bo‘lgan hech narsa yo‘q, ayniqsa, bu munosabatlar eng zaif darajada ekanligi hisobga olinsa.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya izchil ravishda “o‘z xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanmoqda”, shu sababli “Burevestnik” kabi yangi qurol tizimlari ishlab chiqilmoqda.
"Mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash hayotiy muhim masala, ayniqsa biz asosan yevropaliklarda ko‘rayotgan harbiy kayfiyat fonida. Yevropaliklar ichki jazava holatida – rusofobiya, tajovuzkorlik va urushqoqlik bilan to‘la. Bunday sharoitda Rossiya o‘z xavfsizligini ishonchli tarzda ta’minlay olishi uchun barcha choralarni ko‘rishi kerak", – deya Peskovning so‘zlarini keltiradi TASS.
Ma’lumot uchun, “Burevestnik” raketasi yerdan uchiriladigan, past balandlikda uchuvchi qanotli raketa bo‘lib, u nafaqat yadro kallagini tashish imkoniyatiga ega, balki uning o‘zi ham yadro energiyasi bilan ishlaydi.
2018 yil mart oyida loyihani ilk bor oshkor qilgan Putin, bu raketa cheksiz masofaga ucha olishini va AQSh raketa mudofaasidan o‘ta olishini ta’kidlagan. Biroq, ayrim G‘arb mutaxassislari uning strategik ahamiyatiga shubha bildirmoqda, chunki u Moskvaga yangi imkoniyatlar bermaydi va parvoz yo‘lida radiasiya tarqatishi mumkin, deb hisoblashmoqda.
Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i, armiya generali Valeriy Gerasimov Putinga ma’lum qilishicha, 21 oktyabrdagi sinovda raketa 14 ming kilometr masofani bosib o‘tgan va taxminan 15 soat havoda bo‘lgan. Uning aytishicha, raketa yadro energiyasida harakatlanadi, har qanday raketa mudofaasini yengib o‘tishi mumkin va cheksiz uzoqlikka ucha oladi.