Bu haqda AOKAda ayni vaqtda FVV, IIV, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilayotgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
2021-2022 yil kuz-qish mavsumi davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida jami 665 ta ishchi guruh tashkil etilib, ularga taalluqli idoralar vakillaridan 9 ming 203 nafar xodim jalb etildi.
Shunga qaramasdan Respublikamiz hududida 2021 yilda is gazi bilan bog‘liq jami 74 ta xolat aniqlanib, ushbu xolatlarda 67 nafar fuqaro zaxarlangan va 128 nafar fuqaro vafot etgan bo‘lsa, joriy yilning 25 yanvar holatiga ko‘ra, 16 holatda 9 nafar fuqaro zaxarlangan va 28 nafar fuqaro vafot etgan.
Tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:
fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;
nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish;
gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;
havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish shular jumlasidan.
Shuningdek, isitish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlardan yana biri bu gaz-havo aralashmasi natijasida chaqnash, portlash hamda yong‘inlarning sodir bo‘lishidir. Afsuski, bugungi kunda fuqarolarimiz tomonidan yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik oqibatida bunday holatlar tez-tez uchrab turibdi. Bunga kuni kecha Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida sodir bo‘lgan vaziyat yaqqol misol bo‘la oladi.
Qayd etilishicha, yong‘inlarning 30 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 23 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 20 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 9 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida, 8 foizi chekishdagi ehtiyotsizlik, 3 foizi gaz jihozlaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, shuningdek, 16 tasi havo va gaz aralashmasining chaqnashi natijasida sodir bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3 ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan bo‘lib, ayanchli oqibatlarga olib kelgan.
Mavsumni betalofat o‘tkazish, shuningdek, kuz-qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘in, gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida, quyidagilarga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz:
- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim
va kabellardan foydalanmang;
- elektr xo‘jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega bo‘lgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalaning;
- isitish pechlarining dudburonlarini tozalash, sozlash va ularni qoida talablari asosida o‘rnatish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi maxsus tashkilotlarga murojaat qilish va ular tomonidan lozim darajada xizmat turlarining bajarilishiga erishing;
- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;
- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;
- gaz ta’minoti idoralari mutaxassislarini jalb etgan holda gaz jihozlarini taftishdan o‘tkazib, ularga texnik xizmat ko‘rsatilishini tashkil eting;
- gaz uskunalarini ulash bo‘yicha tartib-qoidalarga rioya qiling;
- yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmang;
- gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalaning va ularning doimiy sozligiga e’tibor bering.
Shu munosabat bilan vatandoshlarimizdan yuqorida sanab o‘tilgan holatlarga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolamiz.
Agar xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring. Bu haqda “104” raqami orqali gaz xizmatiga, yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda, yong‘in-qutqaruv xizmatining “101” telefon raqamiga xabar bering.