Dunyoda yuqumli kasalliklarning turi ko‘p. Biroq ular orasida virusli gepatit eng xavfli xastaliklardan biri hisoblanadi.
1967 yil Nobel mukofoti laureati, amerikalik shifokor Samuel Barux jigar kasalligini keltirib chiqaruvchi gepatit B virusini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.
Ushbu olimning tug‘ilgan kuni sharafiga 2011 yildan buyon har yili dunyoda 28 iyul — Xalqaro gepatitga qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi.
Gepatit virusli kasallik hisoblanib, bemorda jigar hujayralari zararlanishi kuzatiladi. Qolaversa, uning faoliyati buzilishi oqibatida organizmda intoksikasiya — zaharlanish yuz beradi.
Virusli gepatitning asosan 6 ta — A, B, C, D, E, G kabi turlari mavjud. Ular klinik kechishi va oqibatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Yurtimizda esa asosan kasallikning A, B, C turlari ko‘p uchraydi.
Misol uchun, gepatit A – eng ko‘p aniqlanadigan, biroq boshqa turlarga nisbatan xavfsizroq xastalik bo‘lib, asosan bemorlarda o‘tkir kechadi. Ammo surunkali tus olmaydi hamda o‘lim va boshqa jiddiy oqibatlarga olib kelmasligi bilan farqlanadi.
Bu xastalikning yana bir nomi “iflos qo‘llar kasalligi” deb ham ataladi. Virusni asosan kirlangan suv, taom, yaxshi yuvilmagan idish hamda bemor bilan muloqotda bo‘lish orqali yuqtirish mumkin.
Gepatit V ushbu kasallik turlari orasida eng xavflisi bo‘lib, har yili dunyoda minglab insonlar mazkur virus tufayli vafot etadi. Bugungacha uning qo‘zg‘atuvchisiga bevosita ta’sir etuvchi preparat topilgani yo‘q.
Shuningdek, gepatitning S turi ko‘pincha jigar sirrozi yoki saratonga sabab bo‘luvchi xavfli xastalik hisoblanib, uni shifokorlar “muloyim qotil” deb ham atashadi. Sababi kasallikning rivojlanish davrida bemorda hech qanday salbiy belgilar kuzatilmaydi.
Virus asosan qon orqali, ya’ni ehtiyotsizlik sabab stomatolog, manikyur va boshqa amaliyotlarda qon tekkan buyumdan o‘zga bir insonga yuqishi mumkin. Qolaversa, tish cho‘tkasi yoki ustara ham kasallanish uchun sabab bo‘ladi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda 325 millionga yaqin odam gepatit V va kamida 200 million kishi gepatit C virusi bilan kasallanmoqda.
Butunjahon gepatit alyansining 2021 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, kasallikning V va C turlari tufayli har yili jahonda 1,4 million odam vafot etadi. Bu esa OIV/OITS va bezgakdan ko‘proq ko‘rsatkichdir.
Bugun yurtimizda ushbu xavfli xastalikni o‘z vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 16 maydagi PQ-243-son qarori bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirishga xizmat qildi.
Unga ko‘ra, virusli gepatitning V va S turlarini erta aniqlash maqsadida respublikadagi 65 dan ziyod oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda bepul skrining tashkil etilgan.
Shuningdek, 2021 yildan boshlab yurtimizda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni gepatit V ga qarshi emlash tadbiri Milliy emlash taqvimiga kiritilgan.
Qolaversa, bugungi kunda Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordami sifatida kasallikning S turiga qarshi “Daklotasvir” va "Sofosbuvir" dori vositalari yetkazib berilmoqda.
Mazkur insonparvarlik yordami Prezidentimizning shu yil 20-21 fevral kunlari Misrga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda.
Eng muhimi, dunyoning 17 ta mamlakati qatori O‘zbekistonda ham S virusli gepatitga chalingan bemorlar davlat hisobidan bepul davolanyapti.