Sayohatning so‘nggi to‘sig‘i La-Mansh bo‘g‘ozi bo‘ldi. 5 oktyabr, dushanba kuni Bushbi Fransiyadan suzib o‘tib, Duvr yaqinidagi Angliya qirg‘og‘iga yetib keldi. Suvdagi safar taxminan 20 soat davom etgan bo‘lib, uch kunga taqsimlangan. Qirg‘oqda uni otasi, aka-ukalari va do‘stlari kutib oldi. Sayohatchining qaytishini u haqda hujjatli film suratga olayotgan nemis rejissyori Verner Hersog ham kuzatib bordi.
Sobiq desantchi Bushbi yo‘lga chiqishdan oldin ikkita qoida belgilagan: harakatlanish uchun transport vositalaridan foydalanmaslik va o‘z kuchlari bilan uyiga yetmaguncha qaytmaslik. U barcha buyumlarini «Maxluq» deb nomlangan aravachasida olib yurgan.
Sayohat u kutganidan ancha ko‘p vaqt oldi. Viza bilan bog‘liq muammolar, 2008 yilgi jahon moliyaviy inqirozi va koronavirus pandemiyasi uning rejalarini jami taxminan 14 yilga kechiktirdi. Masalan, Alyaskadan Rossiyaga Bering bo‘g‘ozi orqali o‘tganidan keyin Rossiya hukumati unga uzoq vaqt viza bermagan.
Shunga qaramay, sayohat hali to‘liq yakunlangani yo‘q. Bushbi Angliyaning shimolida joylashgan tug‘ilib o‘sgan Hall shahriga yetib borishi uchun yana taxminan 400 kilometr yo‘l bosib o‘tishi kerak.