Britaniya hukumati Ukrainaga qurol sotib olish, ishlab chiqish va ishlab chiqarish uchun 2,26 milliard funt sterling (2,94 milliard dollar) ajratayotganini e’lon qildi.
Britaniya hukumati matbuot xizmatining xabar berishicha, bu Buyuk Britaniyaning G7 davlatlari tomonidan Ukrainaga kredit berish uchun ajratilgan 50 milliard dollar miqdoridagi hissasi bo‘lib, u muzlatilgan Rossiya aktivlari keltirgan foyda hisobidan qoplanadi.
Matbuot xizmatining tushuntirishicha, Ukraina Buyuk Britaniyadan olingan 2,26 milliard funt sterlingni havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya va boshqa turdagi texnika, qurollarni sotib olish va rivojlantirishga yo‘naltirishi mumkin.
Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Jon Xili jurnalistlarga pulning bir qismi uzoq masofali hujumchi dronlarni yaratish va ishlab chiqarishga sarflanishi mumkinligini aytdi.
Jurnalistlarning bu mablag‘ hisobidan Ukrainaga Rossiya hududiga chuqur zarba berish uchun Britaniyaning Storm Shadow qanotli raketalarini sotib olishga ruxsat beriladimi degan savoliga Xili "Ular yanada uzoq masofaga uchuvchi dronlar ustida jiddiy ishlashmoqda. Ular bu pulni qanday sarflashni va qaysi qurollarga ko‘proq muhtojligini biz bilan birga hal qiladi", deb javob berdi.
Buyuk Britaniya hukumati matbuot xizmatining qayd etishicha, 2,26 milliard funt sterling miqdoridagi kredit Britaniya Ukrainaga harbiy yordam uchun har yili ajratishga va’da bergan uch milliardga qo‘shimchadir.