Buyuk Britaniya Ukrainada yillar davomida minglab askarlarini joylashtirish, otishma to‘xtatish tartibini qo‘llab-quvvatlash va Rossiyaning navbatdagi bosqinini to‘xtatib qolish uchun tayyor ekanligini Britaniyaning The Times gazetasi yozmoqda.
Britaniya hukumatidagi yuqori lavozimli manba jurnalistlarga Britaniya qo‘shinlarining joylashtirilishi muddatsiz bo‘lishini ma’lum qildi: "Tinchlik kelishuvini saqlash va Rossiyani to‘xtatib turish uchun qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi."
Shu bilan birga, Britaniya bosh vaziri Kir Starmer o‘zining ommaviy chiqishlarida tinchlikparvar kuchlar hujumga uchragan taqdirda rossiyalik harbiylarga qarata o‘t ochish huquqiga ega bo‘lishi haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi. Shuningdek, Starmer Britaniya AQShning xavfsizlik kafolatisiz Ukrainaga qo‘shin kiritmasligini aniq ta’kidladi.
The Times'ning qayd etishicha, "ko‘ngilli davlatlar koalisiyasi"ning mudofaa idoralari rahbarlari payshanba kuni Londonda tinchlikparvar kuchlarni qayerga joylashtirish kerakligini "aniqroq" muhokama qilish uchun uchrashadi.