Buyuk Britaniya hukumati AQShga o‘z harbiy-havo bazalaridan Eronga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat bermayapti. Bu haqda The Times nashri manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, AQShning ehtimoliy zarba rejalari Angliyaning Glostershir grafligidagi Ferford aviabazasi va Hind okeanidagi Diyego-Garsiya orolida joylashgan harbiy ob’ektlardan foydalanishni nazarda tutadi.
Avvalroq Donald Tramp Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni Diyego-Garsiya oroli huquqlarini Mavrikiyga topshirmaslikka chaqirgan edi, chunki u yerda strategik ahamiyatga ega amerikalik harbiy baza joylashgan.
Har ikki ob’ekt ko‘p yillar davomida AQSh harbiy-havo kuchlari tomonidan foydalanib kelingan. Biroq Britaniya va AQSh o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, ushbu bazalarni harbiy amaliyotlarda qo‘llash Britaniya hukumatining oldindan roziligini talab qiladi.
Nashr ta’kidlashicha, London pozisiyasi xalqaro huquq nuqtai nazaridan zarba bergan tomon bilan uni qo‘llab-quvvatlagan tomon o‘rtasida farq yo‘qligiga asoslanadi, agar u xalqaro huquq buzilishi holatlarini bilgan bo‘lsa. Britaniya hukumati AQShning Eronga zarbasi xalqaro huquqni buzishi mumkin, deb hisoblamoqda.