Braziliya polisiyasi juma kuni 8 yanvarda mamlakatda bo‘lib o‘tgan tartibsizliklarga aloqadorlarni aniqlash yuzasidan amaliyot o‘tkazdi. Tintuvlar mamlakatning bir nechta shtatida olib borilgan, deb xabar bermoqda, mamlakat polisiyasi saytida tarqatilgan xabarda.
"Federal polisiya juma kuni ertalab Lesa Pátria, deb nomlangan amaliyotning birinchi bosqichini amalga oshirdi. Ushbu amaliyotdan maqsad 8 yanvar voqealarida ishtirok etgan, moliyalashtirgan yoki tartibsizliklarni qo‘llab- quvvatlagan shaxslarni aniqlash bo‘lgan", - deyiladi xabarda.
Xabarda keltirilishicha, mamlakatning federal oliy sudi 8 ta shaxsni ushlash haqida order bergan va 16 ta orderni tintuv o‘tkazish uchun bergan.
Sobiq Prezident Jair Bolsonaru tarafdorlari Prezident saylovi natijalaridan norozi bo‘lib 8 yanvarda Braziliya poytaxtidagi kongress binosini egallab olgan. Namoyishchilar Prezident qarorgohi Planaltu saroyiga hamda oliy sud binosiga bostirib kirgan, deya ma’lum qildi mahalliy OAV.
Tartibsizliklar paytida 2 ming kishi ushlangan, ularning 140 nafari qamalgan.