16 sentyabr kuni Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru o‘zini yomon his qilgani uchun kasalxonaga olib ketildi, bu haqda uning o‘g‘li Flavio Bolsonaru o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning sobiq rahbari o‘zini yomon his qilgan: hiqichoq tutishi kuzatilgan, qon bosimi pasayib, ko‘ngli aynishni boshlagan. «U polisiya xodimlari hamrohligida DF Star [kasalxonasiga] yo‘l oldi. Bu favqulodda holat edi», — deb yozdi Flavio Bolsonaru.
Sobiq birinchi xonim Mishel Bolsonaru esa turmush o‘rtog‘i ba’zi testlardan o‘tganini va tomirdan ukol olayotganini bildirdi.
O‘tgan haftada Braziliyaning 70 yoshli sobiq prezidenti Jair Bolsonaru 2022 yilgi saylovlarda mag‘lubiyatga uchraganidan keyin hokimiyatda qolish uchun davlat to‘ntarishini rejalashtirganlikda ayblanib, 27 yilu uch oy muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi.