Braziliyaning San-Joze-du-Riu-Pretu shaharchasida bir buqa qimmatbaho kiyimlar sotiladigan butikka kirib olib, o‘tgan-ketganlarni oynali vitrinadan tomosha qila boshladi. Odamlar uni ushlayman, deyishganida bu tilsiz jonivor qo‘rqib ketib, haqiqiy to‘polon uyushtirdi.
Aftidan buqaga do‘kon vitrinasi orqali o‘tib ketayotgan odamlarni kuzatish yoqib qolgan, shekilli. Chunki bu mashg‘ulot bilan qariyb bir soat davomida shug‘ullandi. Bu vaqt oralig‘ida do‘kon xodimlari uni hojatxonaga haydab kiraman, deb bekorga ovora bo‘lishdi.
Va nihoyat mahalliy aholi kutilmagan mehmonni magazindan haydab chiqarmoqchi bo‘lishganida buqa shisha vitrinani sindirib, tashqariga yo‘l oldi. Uni darhol tutib, chorvachilik fermasiga jo‘natishdi.
Buqa butikka avtohalokatdan so‘ng kirib qolgan edi. Mazkur hayvon ortilgan yuk mashinasi shosseda yo‘l harakati hodisasiga uchragach, buqa mashinadan tushib, shahar bo‘ylab sayrga otlangan.