Bugun AOKAda Bosh prokuratura bo‘lim prokurori Abror Mamatov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan ommaviy tartibsizliklar oqibatlari haqida ma’lumot berildi.
2022 yil 2 iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahar tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, Nukus shahridagi blok postda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy gvardiya xodimining maxsus vositalarini (rasiya, dubinka, kaska, shovqinli granata, himoya qalqoni) qo‘lga kiritgan.
Shu kuni Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga noma’lum shaxslar tomonidan hujum uyushtirilib, qurol-yaroq tortib olingan. Nukus xalqaro aeroportiga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitasiya markaziga, Nukus shahar IIB binosiga hujumlar uyushtirilgan.
Ommaviy tartibsizliklar davomida Nukus shahridagi «Las Vegas» kafesi yonida davlat raqami 40 L 340 QA bo‘lgan MAN rusumli yuk transport vositasi, «Eski shahar»dagi markaziy masjid oldida davlat raqami 01 267 UFA bo‘lgan «KamAZ» rusumli yuk transport vositasi, Shumanay tumanidagi «Ismoilov Jabbor-bergen» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan vagon yoqib yuborilgan.
Nukus shahar Sport kompleksi yonidagi «Do‘stlik» kanali ko‘prigiga, Nukus shahridagi ko‘plab bino-inshootlar va yo‘l to‘siqlariga ham ko‘plab talofotlar yetkazilgan.
UZA