— Hozirda "bolnichniy"daman, o‘tgan oy o‘z hisobimdan ta’til olganman. Ikki oydan keyin «dekret»ga chiqishim kerak. Menga qancha miqdorda «dekret» puli tayinlanishini bilmoqchi edim.
Ismi sir tutildi
Abduqodir Rajabov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi:
— Mehnat kodeksiga binoan xodimlar homiladorlik va tug‘ish ta’tillari, bolalarni parvarishlash ta’tillari kabi ijtimoiy ta’til olish huquqiga egadirlar.
Ushbu kodeksning 233-moddasiga binoan ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tug‘ishga qadar amalda bunday ta’tilning necha kunidan foydalanilganidan qat’i nazar ayolga to‘liq beriladi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2002 yil 1 apreldagi 21-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani tayinlash va to‘lash tartibi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani tayinlash va to‘lash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi.
Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa (shu jumladan, homila tushgan hollarda) vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan barcha davr uchun to‘lanadi.
Xodim yillik (asosiy va qo‘shimcha) ta’tilda va bolani parvarishlash uchun ta’tilda bo‘lgan vaqtda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha ta’til berilganda, nafaqa homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha ta’tilning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan barcha kunlari uchun beriladi. Bolani parvarishlash bo‘yicha ta’til davri uchun nafaqa tarif stavkasidan (lavozim maoshidan) va ta’til boshlanishidan oldingi 12 oy mobaynida olingan mukofotlarning o‘rtacha oylik summasidan hisoblab chiqariladi. Bunda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi ochilgan kuniga bo‘lgan tarif stavkasi joylarda belgilangan tuman koeffisiyenti va ustamalarni hisobga olgan holda olinadi.
Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa ish haqining 100 foizi miqdorida beriladi.
Demak, mehnat qonunchiligi, xususan yuqorida qayd etilgan nizom talablaridan kelib chiqib, Sizga tashkilot tomonidan tegishli miqdordagi “dekret puli” to‘lanishi lozim bo‘ladi.