Bolgariyada BOTAŞ bilan shartnoma tufayli katta inqiroz boshlandi: 4 mlrd lira qarz uchun Turkiya gaz yetkazib berishni to‘xtatdi.
2023 yilda Turkiyaning BOTAŞ kompaniyasi va Bolgariyaning davlatga qarashli Bulgargaz gaz kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan 13 yillik tabiiy gaz yetkazish bo‘yicha shartnoma qo‘shni mamlakatda jiddiy inqirozga aylandi, deb yozmoqda Turkiyaning Sondakika nashri.
Shartnoma bo‘yicha Bolgariya har yili Turkiyadan 1,5 mlrd kub metr gaz sotib olishi kerak edi. Biroq shartnoma amalga kirganiga bir yarim yil bo‘lgan bo‘lsa-da, Bulgargaz 4 mlrd liradan ziyod qarz tufayli to‘lovlarni to‘xtatdi. Shuning ortidan BOTAŞ gaz yetkazib berishni to‘liq to‘xtatdi. Bolgariyada energetika xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlikka jiddiy tahdid vujudga keldi.
Bolgariya energetika vaziri Jeko Stankov matbuot anjumanida qattiq bayonot bilan chiqdi. «Bu shartnoma davlat kompaniyamizni va mamlakatimizni salbiy holatga tushirdi. Bulgargaz kelasi 200 yilda oladigan foydani Turkiyaga topshirgan bo‘lib chiqmoqda», — dedi u.
Stankovning ta’kidlashicha, shartnomada bekor qilish to‘g‘risidagi modda mavjud emas va uning shartlari mamlakat iqtisodiyotiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda. Bolgariya hukumati endi Turkiya bilan yangi muzokaralar olib borishga tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
Agar shartnoma bekor qilinsa ham, Bulgargaz oldindan kelishilgan miqdordagi gaz uchun to‘liq haq to‘lash majburiyatida qoladi. Bu esa kompaniya uchun yanada katta moliyaviy yukni anglatadi.