Bolgariya Ukrainaga "Belen" atom elektr stansiyasida foydalanilgan Rossiyaning ikkita atom reaktorini Xmelnitskiy AES uchun sotmaslikka qaror qildi. Bu haqda Bolgariya bosh vaziri o‘rinbosari Atanas Zafirov ma’lum qildi.
Bolgariya OAVlari xabar berishicha, Zafirovning so‘zlariga ko‘ra, bu Bolgariyaning energetik mustaqilligi manfaatlarini ko‘zlab qabul qilingan butun hukmron koalisiyaning qaroridir.
Zafirov Bolgariyada atom energetikasini mustaqil rivojlantirish imkoniyati mavjudligini, energiya narxlari beqaror sharoitda reaktorlarni sotish xato bo‘lishini ta’kidladi.
Rossiyada ishlab chiqarilgan reaktorlar Bolgariyada hali qurib bitkazilmagan "Belen" AES uchun mo‘ljallangan edi. Yanvar oyida Ukraina parlamenti ularni Xmelnitskiy AES uchun 600 million dollarga sotib olishga ovoz bergan edi. Shundan so‘ng Bolgariya parlamenti kelishuvni ma’qulladi. Biroq, keyinchalik bitim qiymati 1 milliard dollargacha ko‘tarildi.
Bolgariya 2022 yilda, Kiril Petkov Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qilgan paytda, "Belen" atom elektr stansiyasini qurishdan voz kechgan edi. O‘shandan beri mamlakatda bir nechta bosh vazir almashdi.