Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, 2024-yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar fuqarolari hamda ombudsmanlari, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1064 ta murojaat kelib tushgan. 2023-yilga nisbatan solishtirganda ushbu ko‘rsatkich 2,4 baravarga oshgan.
O‘tgan yili Bola huquqlari bo‘yicha vakil va uning kotibiyati xodimlari tomonidan bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarga monitoring shaklidagi jami 31 ta tashrif amalga oshirilgan. Shu davrda ular 46 ta fuqarolik, jinoyat va ma’muriy ishlar yuzasidan sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etilgan.
Qayd etilishicha, Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish hamda bola huquqlari sohasidagi qonunchilikda mavjud muammolar tahlili natijasida davlat organlari va tashkilotlarga 40 ta tahliliy axborot kiritilgan hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 3 ta qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi yuzasidan ta’sir choralari orqali munosabat bildirilgan. Bunda bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan jami 36 ta ogohlantirish, taqdimnoma, xulosa va sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnomalar kiritilgan.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 14 ta jinoyat ishi hamda 18 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Ta’lim muassasalarida bolaga jismoniy zo‘ravonlik qilganligi hamda o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 7 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Bolalarga nisbatan qilgan qo‘pol xatti-harakatlari uchun 22 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.
Shuningdek, Internet tarmog‘i monitoringi davomida aniqlangan o‘g‘il-qizlar huquqlarining buzilishiga oid 83 ta holat mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda tekshirilib, bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 15 ta jinoyat ishi hamda 9 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda 87 ta holat yuzasidan hududlardagi bolaning ijtimoiy psixologik vaziyati baholanib, 11 nafar bolaga vasiy yoki homiy tayinlanishi ta’minlangan.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga murojaatlar va hamkor tashkilotlarning so‘rovlari asosida xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 52 nafar bolaning O‘zbekistonga qaytarilishiga erishilgan.
O‘z faoliyati yuzasidan ochiq va shaffof tarzda axborot berish maqsadida Bolalar ombudsmanining ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalari yo‘lga qo‘yilgan, “Bolalarvakili.uz” rasmiy veb-sayti ishga tushirilgan.
Muhokamalar nihoyasida ma’ruzani ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.