Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Boldir” temir yo‘l chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan temir yo‘l poyezdi tarkibidagi vagonlardan biri belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, mazkur vagonda kafel va muzlatgich mahsulotlari tashilayotgani ko‘rsatilgan edi. Biroq bojxona ko‘rigi davomida bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi. Tekshiruv natijasida, “uddaburon” shaxslar tomonidan kafel va muzlatgichlar orasiga yashirin tarzda joylashtirilgan, aksiz markalari mavjud bo‘lmagan hamda bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati 5 milliard 250 million so‘mlik 349 900 quti noqonuniy sigaret mahsulotlari topildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan qonunchilikka muvofiq tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.